1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Siyosat

Prezident Shavkat Mirziyoyev BAA delegatsiyasini qabul qildi

Uchrashuvda O‘zbekiston va BAA o‘rtasida 40 dan ortiq yo‘nalishda amalga oshirilayotgan 300 ga yaqin loyihaning natijalari qayd etildi hamda yangi besh yillik hamkorlik dasturini keng ko‘lamda yo‘lga qo‘yish zarurligi ta’kidlandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev BAA delegatsiyasini qabul qildi

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28-noyabr kuni Birlashgan Arab Amirliklari Hukumat ishlari bo‘yicha vaziri Muhammad bin Abdulloh al-Gargaviy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

 

Uchrashuv avvalida vazir BAA Prezidenti Shayx Muhammad Ol Nahayon hamda mamlakat Vitse-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay amiri Shayx Muhammad Ol Maktumning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini davlat rahbariga yetkazdi.

 

Muloqot davomida O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi do‘stlik va strategik sheriklikni mustahkamlash masalalari, shuningdek, joriy yil yanvar oyida oliy darajadagi tashrif chog‘ida erishilgan kelishuvlarni izchil amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

 

So‘nggi yillarda BAA hukumati bilan 40 dan ortiq yo‘nalishda 300 ga yaqin tashabbus, jumladan, “Hukumat akseleratori”, “Bir million dasturchi” va “Yosh yetakchilar” kabi yirik dasturlar muvaffaqiyatli amalga oshirilgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi.

 

Davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish bo‘yicha o‘zaro hamkorlikning yangi besh yillik dasturini keng ko‘lamda hayotga tatbiq etish muhimligi ta’kidlandi.

 

Shu bilan birga, byurokratiyani qisqartirish, sun’iy intellekt sohasida 5 million nafar prompt-muhandisni tayyorlash jarayonida BAAning ilg‘or tajribasini joriy etish, shuningdek, “Yosh avlod” va “Kitob chellenji” loyihalarini amalga oshirish rejalari muhokama qilindi.

 

Uchrashuv yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev va vazir Muhammad al-Gargaviy O‘zbekiston — BAA munosabatlari tarixiga bag‘ishlangan maxsus ko‘rgazma bilan tanishdilar.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика