1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Prezident sport federatsiyalari rahbarlari bilan muloqot qildi

“Biz sportni ham salomatlik, ham natijadorlik nuqtai nazaridan rivojlantirib boramiz”, dedi davlat rahbari ular bilan suhbatda.

Prezident sport federatsiyalari rahbarlari bilan muloqot qildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Olimpiya shaharchasi infratuzilmasidan samarali foydalanish rejalari bilan tanishdi hamda soha mutasaddilari va sport federatsiyalari rahbarlari bilan muloqot qildi.

 

– Avvalo, sportchilarimiz va federatsiyalarni mana shunday maskan bilan tabriklayman. Bu bilan yosh avlod salomatligiga, bo‘lajak yutuqlarga katta poydevor qurdik. Lekin bu ishning eng osoni. Qiyini - sport turlarini ommalashtirish, professional sportchilarni tayyorlash. Biz sportni ham salomatlik, ham natijadorlik nuqtai nazaridan rivojlantirib boramiz. Xudo xohlasa, bunday Olimpiya shaharchalari viloyatlarda ham quriladi. Asosiy maqsad - yoshlarimizning sog‘lom va barkamolligi,  dedi davlat rahbari.

 

Maʼlumki, 2024 yilda Parijda o‘tgan Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida yurtimiz sportchilari muvaffaqiyatli ishtirok etib, umumjamoa hisobida har ikki yo‘nalishda 13-o‘rinni egallagan edi. Endi olimpiya harakatini yana-da rivojlantirish, kelgusidagi musobaqalarda natijalarni oshirish maqsad qilingan.

 

Mamlakatimiz Prezidentining shu yil 8 iyuldagi qarori bilan, O‘zbekiston sportchilarini 2028 yilgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlash dasturi qabul qilindi.

 

Bu yo‘nalishdagi ishlarni tizimli tashkil etish maqsadida Milliy olimpiya qo‘mitasining 14 ta hududiy bo‘limi tashkil etildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari Olimpiya harakatini rivojlantirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maxsus vakili etib belgilandi. Har bir hududga Sport vazirligi va Olimpiya qo‘mitasidan masʼullar biriktirildi.

 

Asosiy maqsad yuqori sport natijalariga faqat bitta Olimpiada emas, doimiy va mustahkam zamin yaratishdir.

 

Iqtidorli sportchilarni eng quyi bo‘g‘indan boshlab saralash va professional etib tayyorlash uchun uch bosqichli “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” musobaqasi yo‘lga qo‘yildi. Uning final bosqichi har yili Olimpiya shaharchasida “Prezident Olimpiadasi” sifatida o‘tkaziladi. G‘olib va sovrindor sportchilar Olimpiya markazlariga jalb etilib, professional tayyorlanadi.

 

Respublika olimpiya va paralimpiya markazining faoliyati milliy terma jamoalar zaxirasini yaratishga qaratiladi. O‘quv-mashg‘ulotlar o‘tkazib borish uchun Olimpiya shaharchasi inshootlari markazga beg‘araz asosda biriktiriladi.

 

Shuningdek, atletlar zaxirasini kengaytirish maqsadida xususiy sport klublari faoliyati takomillashtirilib, rasmiy musobaqalardagi ishtiroki taʼminlanadi. Yuqori natija ko‘rsatgan sportchilar milliy terma jamoalarga qabul qilinishi mumkin bo‘ladi.

 

Prezidentimiz sport turlarini ommalashtirish masalasiga alohida urg‘u berdi.

 

– Mardlik, kurashchanlik xalqimizning qonida bor. Odamlarimiz sportni yaxshi ko‘radi. Buni qo‘llab-quvvatlab, mahallalarda sportni yana-da ommalashtirish kerak. Buning uchun joylarda sharoit bor. Yana qurayapmiz. Natija ham ommaviylikdan kelib chiqadi,  dedi Shavkat Mirziyoyev.

 

Mutasaddilarga sohani raqamlashtirish, sport federatsiyalari faoliyatini kuchaytirish, natijador sport turlarini ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика