
Maʼlum bo‘lishicha, joriy yilning 28 avgust kuni soat 11:00 larda Chiroqchi tumani IIB 4-son IIB XPG profilaktika inspektori, leytenant B.Ko‘paysinovga bozorga kelgan “Mirzato‘p” MFYda yashovchi fuqaro X.J. qo‘ng‘iroq qilib, Chiroqchi tumani Mirzatup qishlog‘idagi “Uyshun” dehqon bozorida ikkita fuqaro o‘zaro janjallashayotganini aytadi.
Shundan so‘ng leytenant B.Ko‘paysinov holat bo‘layotgan joyga yetib keladi. O‘rganishlar davomida Chiroqchi tumani Uyshun qishlog‘ida yashovchi fuqaro B.D. Chiroqchi tumani Arabbandi qishlog‘ida yashovchi fuqaro O.B. bilan o‘zaro janjallashib, B.D. janjal vaqtida O.B.ni yuz sohasiga urib, tan jarohati yetkazgani oydinlashadi.
Leytenant B.Ko‘paysinov janjallashayotgan fuqarolarni tinchlantirmoqchi bo‘lganida O.B. unga qarshilik ko‘rsatib, IIB xodimining qonuniy talabiga buysunmay, uni haqorat qiladi. Egnidagi xizmat kiyimini tortib-yirtib, unga tan jarohati yetkazadi.
Fuqaro O.B. mastlik bo‘yicha tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilganda u mast holatda ekani aniqlangan.
Ushbu holat yuzasidan Chiroqchi tumani prokuraturasi tomonidan O.B.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, JPKning 221-moddasi tartibida ushlangan. Ayni paytda Chiroqchi tuman prokraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qashqadaryoda ikki nafar fuqaro Ichki ishlar organlari xodimining yoqasidan tutib, siltab, qochishga uringani hamda Toshkentda “Lacetti” haydovchisi YPX xodimiga bo‘ysunmsay qochib ketgani haqida xabar berilgandi.
Bahriniso Madumarova


