Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yig‘ilishida muhokama etilgan “Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi yangi qonun loyihasida O‘zbekistonda pulli yo‘llarni joriy etish imkoniyati nazarda tutilyapti.
Quyi palata xabariga ko‘ra, Qonun loyihasi bilan “avtomobil yo‘llarini rejalashtirish” mexanizmi joriy etilib, yo‘l infratuzilmasini aholi va iqtisodiyotning o‘sib borayotgan ehtiyojlariga mos ravishda rivojlantirish nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, qonun loyihasiga kommunikatsiya tarmoqlarini qurishda yo‘llarning avvalgi holatini tiklash xarajatlarini qoplash sharti kiritilmoqda. Yo‘llarda katta hajmli va og‘ir vaznli transport vositalarining harakatlanishi tartibga solinmoqda. Ajratilgan va yo‘l bo‘yi mintaqalarida xizmat ko‘rsatish obyektlarini joylashtirishga oid talablar belgilanmoqda. Qonun loyihasining yana bir asosiy jihati, bu pulli yo‘llar tarmog‘ini barpo etishning huquqiy asoslari yaratilmoqda. Bunda ayrim yo‘llar xususiy investorlar mablag‘lari hisobidan qurilib, ulardan foydalanish belgilangan tartibda to‘lovli bo‘ladi.
Loyiha rasmiy jihatdan davlat byudjetini yengillashtirish, xususiy investitsiyalarni jalb etish va yo‘l infratuzilmasini zamonaviylashtirishdek muhim maqsadlarni ko‘zlashi mumkin. Ammo amalda qanday oqibatlarga olib kelishi mumkin? Ushbu tartibning joriy etilishi o‘zbekistonliklar uchun nechog‘lik ahamiyatli? Pulli yo‘llar imkoniyatmi yoki to‘siq? Ayni paytda masala muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Ushbu savolga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar Parlamenti yoshlar tadbirkorligi, raqobatni rivojlantirish va sanoat qo‘mitasi rais o‘rinbosari Bobur Ismoilov o‘z munosabatini bildirdi.
— Bu borada partiyalar fraksiya yig‘ilishlarida bildirilgan eʼtirozlar, xususan o‘zimning ayrim fikrlarimga to‘xtalib o‘tmoqchiman.
Birinchidan, amalda “tanlov erkinligi” degan tushuncha so‘zda qolib ketmasligi zarur. Pulli yo‘l barpo etilishi fuqaro aynan shu yo‘ldan o‘tishga majbur qilinadigan holatni yaratmasligi, unga mos va sifatli bepul muqobil yo‘llar taklif etilishi lozim.
Ikkinchidan, pulli yo‘llar qurilishi uchun ajratiladigan yerlar, ularning marshrutlari va ustuvorliklarida shaffoflik bo‘lmasa, bu korrupsion tavakkalchiliklarga olib kelishi mumkin.
Uchinchidan, hozirda mavjud yo‘llarni saqlash va taʼmirlashda ko‘zga ko‘rinadigan natijalar yo‘q bo‘layotgan bir paytda yangi pulli yo‘llar sifati, xavfsizligi va adolatli to‘lov tizimiga jamoatchilik ishonchi hali to‘liq shakllanmagan.
Pulli yo‘llar joriy etilishini faqat moliyaviy raqamlar va byudjet yuki orqali emas, balki fuqarolarning hayot sifati, ijtimoiy tenglik va iqtisodiy adolat nuqtai nazaridan baholash lozim. Bunday loyihalar jamoatchilik fikri va manfaatlari bilan hamohang holda amalga oshirilishi kerak, deydi deputat.
Kuni kecha bo‘lib o‘tgan quyi palata yig‘ilishida qayd etilishicha, yo‘llarni loyihalashtirishda aholi fikri va atrof-muhitga taʼsirini inobatga olish hamda piyodalar uchun to‘siqsiz muhitni yaratish bo‘yicha qatʼiy talablar o‘rnatilmoqda.
Zamon.uz bu borada jamoatchilik munosabatini o‘rganadi va tez orada mavzuga yana qaytamiz.


