Rossiya prezidenti Vladimir Putin Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan va Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev bilan uchrashadi. 26- noyabr kuni Sochida uch tomonlama muzokaralar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar berdi.
Taʼkidlanishicha, uchrashuv “2020-yil 9-noyabr kuni Tog‘li Qorabog‘ mojarosi zonasida o‘t ochishni to‘xtatish va barcha harbiy harakatlar to‘g‘risida bayonot imzolanganining bir yilligi” munosabati bilan o‘tkaziladi.
Muzokaralarda mintaqada barqarorlikni mustahkamlash bo‘yicha keyingi qadamlarni belgilash rejalashtirilmoqda.
Maʼlumot o‘rnida: 2020-yil 27-sentabrda Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida jangovar harakatlar kuchayib, urushga aylanib ketdi. 2020-yil 10-noyabrga kelib Boku, Yerevan va Moskva o‘rtasida uch tomonlama kelishuv imzolandi va harbiy harakatlar to‘xtatildi. Urush yakunida Ozarbayjon Qorabog‘ning katta qismida o‘z suverenitetini tiklashga muvaffaq bo‘ldi.
Avvalroq Ozarbayjon va Armaniston TIV rahbarlari urushdan keying munosabatlar masalasini muhokama qilgandi.
Nasiba To‘xtayeva


