Xususan, Qarshi shahridagi 4-saylov uchastkasida ham aholi ovoz berish jarayonida faol ishtirok etmoqda.
Maʼlumotlarga ko‘ra, mazkur saylov uchastkasida “Geolog” mahallasida yashovchi 1 ming 591 nafar saylovchi ro‘yxatga olingan.
Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzayev ham mazkur uchastkaga borib birinchilar qatorida ovoz berdi.
Maʼlumot uchun: 13-Qashqadaryo saylov okrugidan olingan saylovchilarning elektron ro‘yxati asosidagi oxirgi maʼlumotlarga ko‘ra, okrug bo‘yicha saylovchilarning umumiy soni 1 million 870 ming 805 nafarni tashkil etadi va shundan 143 ming nafari saylovda birinchi marta qatnashuvchi yoshlardir.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzod Shavkat Mirziyoyev Mirzo Ulug‘bek tumani Alisher Navoiy mahallasidagi 59-saylov uchastkasiga tashrif buyurib, ovoz berish jarayonida ishtirok etgandi.
Bundan avval O‘zbekiston Ekologik partiyasidan prezidentlikka nomzod Narzullo Oblomurodov, "Milliy tiklanish" demokratik partiyasidan prezidentlikka nomzod Alisher Qodirov, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan prezidentlikka nomzod Bahrom Abduhalimov hamda Xalq demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzod Maqsuda Vorisova Uchtepa tumani 116-maktabdagi 206-saylov uchastkasida ovoz bergani haqida xabar bergan edik.
Shuningdek, Toshkent viloyati hokimi Davron Hidoyatov, Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov, Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov, Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov hamda 126 yoshli Xuvaydo momo o‘zi tanlagan munosib nomzodga ovoz bergani haqida xabar berilgandi.


