Qirg‘iziston iqtisodiyoti tabiiy resurslar qazib olinishi, turizm va migrantlardan pul o‘tkazmalariga qattiq bog‘lanib qolgan. Bu haqda BMTning qashshoqlik bo‘yicha maxsus vakili Olivye de Shutter maʼlum qilgan.
“Pul o‘tkazmalari eng avvalo kambag‘al qishloq aholisiga foyda keltiradi va bu vosita yordamida 2019 yilda mamlakatda qashshoqlik darajasi 11 foizga kamaygan. Ammo bu Qirg‘izistonning uzoq istiqboldagi taraqqiyot strategiyasi bo‘lishi mumkin emas. Bu inson kapitalining o‘ta yirik masshtablarda qochishiga sabab bo‘ladi”, – degan de Shutter.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Bishkekka 2019 yilda 2.4 milliard dollar pul o‘tkazilgan, bu mamlakat YAIMning 30 foizini tashkil etadi.
Hisobotda aytilishicha, Qirg‘iziston pandemiya oqibatlari – narxlarning o‘sishi, pul o‘tkazmalari kamayishi va o‘sib borayotgan ishsizlikka qarshi kurashishga harakat qilyapti.
“Qirg‘izistonda qashshoqlik darajasi asta-sekin pasayayotganiga qaramay, 2020 yilda aholining ¼ qismi kambag‘allik yoqasida yashagan. Jahon banki prognozlariga ko‘ra, yil oxiriga qadar bu raqam 38 foizga yetishi va oqibatda mamlakat taraqqiyoti 10 yil ortga surilishi mumkin”, – deb qayd etgan de Shutter.
Maxsus vakil Bishkekni pul o‘tkazmalaridan qaramlikni kamaytirishga chaqirgan. Shuningdek, u maktabgacha taʼlim, maktab taʼlimi sifatini ko‘tarish, ijtimoiy himoya sohalariga investitsiya kiritishni taklif qilgan.
BMT hisobotida bu yil Qirg‘izistonda 35 ming o‘quvchi maktabni bitirishi keltirilgan. Tashkilot ular uchun real imkoniyatlar yaratish zarurligini, aks holda inson kapitalining mamlakatdan chiqib ketishi cho‘zilishini taʼkidlagan.
Avvalroq BMT oziq-ovqat tanqisligining asosiy sababini ochiqlagandi.


