Qozog‘iston energetika vaziri Almasadam Satkaliyev uning mamlakati kerak bo‘lsa, Rossiya gazining O‘zbekistonga tranzit hajmini oshirishga tayyorligini ma'lum qildi.
“Hozir biz 1,5 dan 10 mlrd kub metr gaz tranzit hajmini indikativ tarzda muhokama qilmoqdamiz. Shuningdek, O‘zbekiston energetika tizimining tayyorligiga, rossiyalik hamkasblarimizning gazni eksport qilishga tayyorligiga qarab tranzitni ko‘paytirish mumkin bo‘ladi", — deydi u.
Avvalroq Sankt-Peterburg Xalqaro iqtisodiy forumida Rossiya gazini O‘zbekistonga yetkazib berish bo‘yicha shartnoma va respublika gaz uzatish tizimini Rossiya gazini qabul qilishga tayyorlash bo‘yicha "Yo‘l xaritasi" imzolangandi. Unga ko'ra, shartnoma doirasida joriy yilning 1-oktyabr sanasidan kuniga 9 million kubometr tabiiy gazni Qozog'iston orqali import qilish boshlanishi mo‘ljallanmoqda. Shunga ko‘ra, yillik hajm qariyb 2 milliard 800 million kubometrni tashkil etadi.
Shuningdek, “QazaqGaz” boshqaruvi raisi Sanjar Jarkeshov Rossiya gazini Qozog‘iston hududi orqali O‘zbekistonga tashish bo‘yicha “Markaziy Osiyo – Markaz” magistral gaz quvurining Qozog‘iston qismidagi tayyorgarlik ishlari tasdiqlangan jadvalga muvofiq to‘liq hajmda amalga oshirilayotganini ma'lum qilgandi.


