Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligi axborot xizmatining xabar berishicha bugundan boshlab, vazir Abduqodir Toshqulov va Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘i Ulug‘bek Toshkenboyev boshchiligida tuzilgan ishchi guruh tomonidan amaliy ishlar olib boriladi.
Asosiy eʼtibor oliy taʼlimdagi islohotlar, ilm, fan va ishlab chiqarishdagi integratsiyalar, axborot-resurs markazlari faoliyati, moliyaviy, akademik mustaqillik berilgan taʼlim muassasalariga amaliy ko‘mak berish, ilmiy salohiyat, taʼlim jarayonining qay darajada tashkil etilgani, masofaviy taʼlim, kredit-modul tizimi, talabalar turar joylarida yaratilgan shart-sharoitlar, korrupsiyaga qarshi kurashish va shaffoflikni taʼminlashning taʼsirchan mexanizmlari joriy etilganligi kabi mezonlarga qaratiladi.
Asosiy maqsad oliy taʼlim muassasalarining taʼlim jarayonini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, taʼlim sifatini oshirish, ilmiy va innovatsion faoliyatni samarali tashkil etish hamda raqobatbardoshligini oshirish, raqamli texnologiyalarni to‘liq joriy etish orqali taʼlim jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishdan iborat.
O‘rganish jarayonidagi yutuqlar va tajribalar keng ommalashtiriladi, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha takliflar tayyorlanadi.
Barcha o‘rganishlar televideniye, ijtimoiy tarmoqlar orqali muntazam yoritib boriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent kimyo-texnologiya instituti “super-kontrakt”dan voz kechishi haqida xabar berilgandi.


