Rossiya armiyasi bo‘yicha ekspert Maykl Kofman Ukrainadagi urush haqidagi fikrlarini eʼlon qildi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Kofmanning fikricha, dastlab rus armiyasi mobil guruhlarning tezkor harakati orqali muhim obyektlar va shaharlarni bosib olishni ko‘zlagan.
Ammo keyinchalik bu reja puchga chiqdi: desant va mobil guruhlarga qo‘shimcha kuchlar va havodan yordam bo‘lmagani uchun ular ukrain armiyasi tomonidan tezda tor-mor etildi. Shuningdek, Kiyev hozirda axborot urushida ham ustunlik qilmoqda.
Lekin ekspertning so‘zlariga ko‘ra, shundan keyin Moskva taktikani qayta ko‘rib chiqishni boshladi. U hozirda rezerv kuchlar safini to‘ldirmoqda va qaytadan guruhlar tuzilmoqda. Shuningdek, Rossiyaning juda katta resurslarga ega ekanligiga eʼtibor qaratilgan.
Kofman ruslar hali aviatsiyadan ham to‘liq foydalanmayotganini taʼkidlagan.
"Rossiya siyosiy rahbariyati hanuz o‘z rejasining halokatli ekanini anglab yetmadi va tezda Kiyevni ishg‘ol qilish fikridan qaytmagan. Ular havo kuchlaridan tobora kengroq foydalanmoqda. Afsuski, fikrimcha, eng yomoni hali oldinda. Bu urush yana-da dahshatli tus olishi mumkin", — degan u.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropaning uch davlati Kiyevga qo‘shimcha samolyotlar jo‘natishi to‘g‘risida xabar berilgandi.


