1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Jahon

Rossiya Qozog‘istonda ishlayotgan fuqarolaridan ikki yil uchun soliq talab qilmoqda

Masofaviy ishlovchi ruslar ikki davlatda soliq to‘lashga majbur bo‘lib qolmoqda.

Rossiya Qozog‘istonda ishlayotgan fuqarolaridan ikki yil uchun soliq talab qilmoqda

 

Rossiya Federatsiyasi va Qozog‘iston o‘rtasida mavjud bo‘lgan ikki tomonlama soliqqa tortmaslik to‘g‘risidagi kelishuvga qaramasdan, Rossiya Federal soliq xizmati (FSX) ushbu bitimdan chekinib, Qozog‘istonda yashab, masofadan ishlayotgan Rossiya fuqarolaridan 2022–2023 yillarda daromad solig‘i (NDFL)ni to‘liq stavkada to‘lashni talab qilmoqda. Bu haqda 7-iyul kuni “Vedomosti” nashri bir nechta soliq masalalari bilan shug‘ullanuvchi advokatlarga tayanib xabar berdi.

 

Qayd etilishicha, Qozog‘istonga ko‘chgan va u yerda masofadan turib ishlashni davom ettirgan Rossiya fuqarolari 2024-yil iyun oyidan boshlab Federal soliq xizmatidan xatlar ola boshlagan. Ushbu xatlarda ular 2022 va 2023-yillarda o‘z daromadlari uchun Rossiyada daromad solig‘ini to‘liq stavka asosida to‘lashi kerakligi aytilgan.

 

Mazkur fuqarolarning daromadlari Qozog‘istonda 5 foizdan 20 foizgacha bo‘lgan shaxsiy daromad solig‘iga tortilgan bo‘lsa-da, Rossiya tomoni bu soliqlarni inobatga olmayapti. Soliq xizmati vakillarining ta’kidlashicha, agar ish faoliyati Rossiya hududidan amalga oshirilgan deb topilsa, soliq ham aynan Rossiyada to‘lanishi lozim. Bu esa ularni ikki tomonlama soliqqa tortilish holatiga olib kelmoqda.

 

Shuningdek, FSXning izohlariga ko‘ra, agar fuqarolar Rossiya soliq rezidenti maqomini saqlab qolgan bo‘lsa, bu holat o‘z-o‘zidan ularning ish joyi ham Rossiyada deb tan olinadi degani emas. Shu sababli, masofaviy ishlovchi xodimlar xizmat safari, vaqtincha chet elda bo‘lish va boshqa holatlar bo‘yicha hujjatli asos keltirishi kerak bo‘ladi.

 

Hozirda Rossiyada yashamayotgan, biroq masofadan ishlayotgan ko‘plab rossiyaliklar bu holat bo‘yicha yuridik yordamga murojaat qilmoqda. Advokatlar fikricha, xalqaro soliq normalari hozirgi zamonaviy masofaviy mehnat shakllarini yetarlicha inobatga olmayapti. Bu esa ayniqsa pandemiyadan so‘ng ommalashgan “remote work” – ya’ni masofadan ishlash formatidagi faoliyat yurituvchi fuqarolar uchun murakkabliklarni yuzaga keltirmoqda.

 

Ayni paytda Qozog‘istonda daromad solig‘i to‘lagan bo‘lsa-da, yana Rossiyada ham soliq to‘lash majburiyatini olgan fuqarolar soni ortib bormoqda. Bu esa ikki davlat o‘rtasidagi soliq bitimi ijrosini qayta ko‘rib chiqish zarurligini ko‘rsatmoqda.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика