- Rossiya Mudofaa vazirligi mamlakatdagi yagona aviatashuvchi kema — “Admiral Kuznetsov” kreysyerini ta’mirlash va flot tarkibiga qaytarishdan voz kechishi mumkin. Bu haqda “Izvestiya” nashri xabar berdi.
- Ma’lum qilinishicha, 2018-yildan beri kapital ta’mirda bo‘lgan kema hozirda modernizatsiya qilinmayapti. Kemani tiklash masalasi bo‘yicha yakuniy qaror tez orada qabul qilinishi kutilmoqda.
- Rossiya Harbiy-dengiz kuchlari bosh qo‘mondonligi va “Birlashtirilgan kemasozlik korporatsiyasi” vakillari “Admiral Kuznetsov”ni jangovar flot tarkibiga qaytarish maqsadga muvofiqligi yuzasidan muhokamalar olib bormoqda.
- Tinch okeani floti sobiq qo‘mondoni, admiral Sergey Avakyans aviatashuvchini ta’mirlashdan voz kechishni “to‘g‘ri qaror” deb atadi. Unga ko‘ra, bunday kemalar eskirgan texnologiya bo‘lib, zamonaviy urushlar robotlashtirilgan tizimlar va dron tashuvchilarni talab qiladi.
- Agar ta’mirlash to‘xtatilsa, “Admiral Kuznetsov” utilizatsiya qilinib, metalga topshirilishi mumkin.
- Hozirda dunyoda atigi 10 ta davlatda aviatashuvchi kema mavjud. Ulardan eng kattasi AQSh floti hisoblanib, 11 ta aviatashuvchiga ega. Xitoyda esa 3 ta bunday kema bor.
Rossiya yagona aviatashuvchi kemasidan voz kechishi mumkin
2018-yildan beri ta’mirda bo‘lgan kema bo‘yicha yakuniy qaror yaqin kunlarda qabul qilinadi.


