2025-yilning dastlabki sakkiz oyi yakunlariga ko‘ra, Rossiyaga tashrif buyurgan xorijiy fuqarolar orasida eng katta oqimni O‘zbekiston fuqarolari tashkil etdi. RIA Novosti tomonidan e’lon qilingan tahlil natijalariga ko‘ra, yil boshidan buyon 1,8 milliondan ortiq o‘zbekistonlik Rossiya davlat chegarasidan o‘tgan.
Tashriflarning asosiy qismini mehnat migratsiyasi tashkil qilmoqda — 1,3 million fuqaro aynan ish faoliyati bilan bog‘liq sabablar tufayli Rossiyaga yo‘l olgan. Qolgan tashriflarning sezilarli qismi shaxsiy safarlar (291 ming kishi), shuningdek, ta’lim maqsadida kelganlar ulushi ham qayd etilgan.
Reytingda O‘zbekiston ortidan Qozog‘iston (1,5 million kishi), Tojikiston (800 ming kishi), Xitoy (760 ming kishi) va Qirg‘iziston (500 ming kishi) fuqarolari Rossiyaga eng ko‘p tashrif buyurgan davlatlar sifatida qayd etildi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu ko‘rsatkichlar Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi yaqin iqtisodiy va mehnat aloqalarini aks ettiradi. Shuningdek, migrantlar tomonidan yuboriladigan pul o‘tkazmalari mintaqa mamlakatlari, jumladan, O‘zbekiston iqtisodiy barqarorligida muhim o‘rin tutayotgani alohida qayd etilgan.


