Sankt-Peterburgdagi qabristonlardan birida ikki kishi qabr ichiga giyohvand moddalar yashirayotgan vaqtida huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan qo‘lga olindi. Bu haqda Rossiya Ichki ishlar vazirligining viloyat bo‘yicha bosh boshqarmasi Fanatka.ru'ga xabar qildi.
Maʼlum bo‘lishicha, politsiyaga qabriston xodimlaridan biri qo‘ng‘iroq qilib tunda begona odamlar qabr ichiga nimanidir yashirayotganini ko‘rib qolganini aytadi. Shundan so‘ng politsiya qabristonni nazoratga oladi.
Jinoyatchilar qo‘lga olinganda erkak va ayolning yonidagi sumkasidan ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz, pichoq va 250 gramm sintetik giyohvand modda topilgan. Qo‘lga olish vaqtida ofitserlardan biri yaralangan.
Avvalroq uyida giyohvand modda va qurol saqlagan fuqaro qo‘lga olingani hamda taniqli hind aktyori Shohruxxonning o‘g‘li giyohvand modda bilan qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi.
Munojat Valiyeva


