Yangi e’lon qilingan YUNЕYDС (BMTning OIV/OITS bo‘yicha dasturi) hisobotida qayd etilishicha, 2024 yilda dunyo bo‘ylab 630 ming kishi OITSdan hayotdan ko‘z yumdi. Olamshumul moliyaviy inqiroz OIVga qarshi kurashga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. "OITS, inqiroz va transformatsiya kuchi" deb nomланган hisobotda aytilishicha, ko‘plab davlatlarda sog‘liqni saqlash tizimi zaiflashib, profilaktika va davolash dasturlari to‘xtash arafasida turibdi.
YUNЕYDС ijrochi direktori Vinni Byanima buni “faqat mablag‘ yetishmovchiligi emas, balki vaqt ta’sirida portlaydigan bomba” deb ta’rifladi. Uning ta’kidlashicha, agar AQSh tomonidan moliyalashtirilayotgan dasturlar butunlay to‘xtatilsa, 2025-2029 yillar oralig‘ida dunyoda 6 million yangi OIV holati va 4 million qo‘shimcha OITS bilan bog‘liq o‘lim sodir bo‘lishi mumkin.
Hisobotda OIVning oldini olish bo‘yicha dasturlar jiddiy inqirozga uchragani va ayniqsa zaif qatlamlar bilan ishlovchi tashkilotlar yetarli darajada qo‘llab-quvvatlanmayotgani aytiladi. 2024 yilda har kuni 570 nafar 15-24 yoshli qiz va yosh ayol OIVga chalingan — bu yiliga 210 mingdan ortiq holatni tashkil etadi. OITSdan o‘lganlarning 61 foizi esa Janubiy Afrikada istiqomat qilgan.
Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyoda esa vaziyat tobora og‘irlashmoqda — bu hududlarda OIV infeksiyasi bilan bog‘liq yangi holatlar soni yildan-yilga oshib bormoqda. 2024 yilda u qariyb 130 ming holatga yetdi, bu 2010 yilga nisbatan 7 foizga ko‘p. Hozirgi kunda bu mintaqalarda 2,1 millionga yaqin odam OIV bilan yashamoqda. Shunga qaramay, YUNЕYDС bu hududlar 2030 yilga qadar OITS epidemiyasini tugatish bo‘yicha global maqsadlarga erisha olmayotganini ta’kidladi.


