
Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, sammitda tashkilotga aʼzo mamlakatlar, kuzatuvchi maqomidagi va muloqot bo‘yicha sherik davlatlar, xalqaro tashkilotlar delegatsiyalari rahbarlari ishtirok etadi.
Taʼkidlanishicha, davlat rahbarlari kengashining majlisida SHHTning o‘tgan 20 yildagi faoliyati hamda Tojikiston raisligining yakunlari ko‘rib chiqilib, ko‘p tomonlama hamkorlikning dolzarb vazifalari muhokama qilinadi. Global va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar yuzasidan fikr almashiladi.
Sammit yakunida Dushanbe deklaratsiyasi qabul qilinishi va boshqa hujjatlar imzolanishi ko‘zda tutilgan. SHHTga raislik O‘zbekiston Respublikasiga o‘tishi sammitning muhim voqeasi bo‘ladi.
Shuningdek, anjuman doirasida “SHHT - KXSHT” formatidagi uchrashuv o‘tkazilishi ham rejalashtirilgan.
Bundan avvalroq, Shavkat Mirziyoyev 16-17 sentyabr kunlari Dushanbe shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotining yubiley sammiti tadbirlarida ishtirok etishi to‘g‘risida xabar berilgandi.


