Avvalroq Mubashshir Ahmad taxallusi bilan tanilgan diniy bloger Alisher Tursunovning himoya jamoasi uning sog‘lig‘i bilan bog‘liq jiddiy muammolar sabab jazoni ijro etish koloniyasidan ozod etilishini talab qilgani haqida xabar berilgan edi.
Ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar asosida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (Ombudsman) Navoiy viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan viloyatdagi 5-sonli jazoni ijro etish koloniyasiga monitoring tashrifi amalga oshirildi.
Monitoring doirasida ushbu muassasada jazo muddatini o‘tayotgan mahkum A.T. (Mubashshir Ahmad)ning sog‘lig‘i, tibbiy ta’minoti hamda saqlanish sharoitlari o‘rganildi. Tashrif davomida mahkumlar, jumladan A.T. bilan holi tarzda suhbatlar o‘tkazilib, uning sog‘lig‘iga oid tibbiy hujjatlar bilan tanishildi.
Mahkum A.T. muassasada tibbiy yordam ko‘rsatilishidan shikoyati yo‘qligini, muntazam ravishda to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib kelinayotganini ma’lum qildi. U sog‘lig‘idagi ayrim o‘zgarishlar avvaldan mavjud bo‘lgan kasalliklar bilan bog‘liqligini, hozirda esa tegishli tibbiy yordam olayotganini qayd etdi.
Shuningdek, A.T. muassasada o‘z xohishiga ko‘ra mehnatga jalb etilgani (oshxona ishlari bilan shug‘ullanishi), qonunchilikda belgilangan vaqtlardan tashqari ortiqcha mehnatga jalb etilmayotgani, ish sharoitlari esa mehnatni muhofaza qilish qoidalariga muvofiq ekanini bildirdi.
Oziq-ovqat ta’minoti va yashash sharoitlari bo‘yicha ham e’tirozlar bildirilmadi. Mahkumning so‘zlariga ko‘ra, sog‘lig‘idan kelib chiqib, unga belgilangan norma asosida oziq-ovqat berilmoqda.
Holi tarzda o‘tkazilgan suhbat davomida A.T. tomonidan hech qanday murojaat yoki shikoyat bildirilmagan.
Ma’lumot uchun, Ombudsmanning Navoiy viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan 2025-yil noyabr va dekabr oylarida mazkur muassasaga amalga oshirilgan avvalgi monitoring tashriflari chog‘ida ham A.T. tomonidan murojaatlar kelib tushmagan.


