
Joriy yilning 11-12 sentyabr Shimoliy Koreya yangi qanotli raketalarni sinovdan o‘tkazdi. Unda Koreya Mehnat partichsining yuqori martabali amaldorlari ham qatnashgan. Mutaxassislar raketa dvigateli, uchishi va nazorati sinovlarini o‘tkazgan va u muvaffaqiyatli o‘tgan. Taʼkidlashicha, qanotli raketalar 1,5 ming kilometr masofadagi nishonni yo‘q qilgan.
Shimoliy Koreya matbuoti raketa yaratilishi strategik ahamiyat kasb etishi va mamlakat raqiblarini “tiyib turish”da muhim vosita ekanini qayd etgan.
Pentagon AQSH ushbu sinovlardan xabardor ekanini, ammo hozircha vaziyatni kuzatishini maʼlum qildi.
Maʼlumot o‘rnida: KXDR bir necha yillardan buyon raketa sinovlarini o‘tkazib keladi. Mamlakat og‘ir iqtisodiy ahvolda bo‘lsa-da, yadro dasturidan voz kechmagan. 2019 yilda AQSH va Shimoliy Koreya rahbarlari uchrashuvida ommaviy qirg‘in qurollarini ishlab chiqarishni to‘xtatishga kelishilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shimoliy Koreya iqlim o‘zgarishi tufayli ocharchilik yoqasiga kelib qolgani haqida xabar berilgandi.
Jahongir Qo‘ziyev


