Germaniya Ukraina nizosi yana-da kengayib ketishidan xavfsirab Kiyevga tank yetkazib bermayapti. Bu haqda kansler Olaf Sholts maʼlum qildi.
"Biz Ukrainani qo‘llab-quvvatlaymiz. Biz buni NATO va Rossiya o‘rtasida urush avj olib ketmasligini hisobga olib amalga oshiramiz. Aks holda bu katta halokatga olib keladi", — degan kansler.
Shu bilan birga Sholts Kiyevga ko‘p qurol berilayotganini aytgan.
Berlin avgust oyida Ukrainaga qurol yetkazib berishda muammoga duch kelganini maʼlum qilgan. Sentyabr oyida Germaniya qurolli kuchlari ittifoqi buni tasdiqladi. Hozirgi kunda germaniyaliklar Kiyevga MARS yalpi o‘t ochish reaktiv tizimlarini, o‘ziyurar Panzerhaubitze 2000 gaubitsalarini hamda Gepard zenit tizimlarini yetkazib bergan.
Shu bilan birga Bundesver boshqa davlatlar qo‘llab-quvvatlamasa, Ukrainaga tank yetkazib bermasligini maʼlum qilgan.
Avvalroq Zelenskiy qurol masalasida Germaniyaning pozitsiyasini tanqid qilgandi.


