1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Jamiyat

Talabani "taksist aka"lari qo‘liga tashlamang!

Xabaringiz bor, davlatimiz tomonidan viloyatlarga qatnovchi transport vositalariga chegirmalar joriy qilindi. Albatta, mazkur tartib har yili amalda. Biroq bu yilgi chegirmalar talabaning og‘irini qanchalik yengil qildi?

Talabani "taksist aka"lari qo‘liga tashlamang!

 

Joriy yil Oliy taʼlim muassasalariga oldingidan ham ko‘p abituriyent qabul qilindi. Bunga isbot qilib o‘quv yili boshlangandan turar joy muammosi ko‘tarilganini aytish mumkin. Shunday ekan talabaning bir yilda bir marta uyiga ketishiga sabab bo‘ladigan bayram oldi jarayonlarida ko‘riladigan chegirmalarni ham bir muncha kengaytirish kerak edi. Misol uchun, qo‘shimcha transportlarni joriy qilish, qo‘shimcha reyslar tashkil etish va hokazo.

 

Yolg‘on bo‘lmasin, chora-tadbir ko‘rilmoqda. Masalan, biz Toshkent avtovokzali bilan bog‘langanimizda Toshkent-Surxondaryo yo‘nalishida kuniga 6-7 ta avtobus qatnayotganligini aytishdi. Odatda, 3 ta avtobus qatnaydigan yo‘nalishga endi 2 barobar qo‘yilgani, albatta, chora ko‘rilayotganini ko‘rsatadi, biroq tanganing boshqa tomoni ham bor.

 

Bitta avtobusda 50 ta o‘rin bor, deylik. 7 ta avtobusga 350 nafar yo‘lovchi sig‘adi. Kuniga 350 nafar yo‘lovchini Surxondaryoga tashish orqali Toshkentdan Surxonga ketadigan yo‘lovchilarning ehtiyojini qoplab bo‘ladimi? Aynan yangi yil oldi, Oliy taʼlim muassasalarida taʼtil eʼlon qilingan vaqtda ajratilgan avtobuslar talabalarning qanchasini viloyatlarga tashib ulguradi?

 

Poyezd haqida gapirilganda shoshilmaslik kerak. Negaki Toshkent-Surxon yo‘nalishi faqat Surxon xalqini tashimaydi. Bu yo‘nalish orqali qatnaydigan Jizzax, Samarqand, Qashqadaryo yo‘lovchilari ham bor. Shunday ekan, mazkur jamoat transporti uyga ketadiganlar ehtiyojining 5 foizini qoplaydi, xolos. Qo‘shimcha vagonlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, bu haqida ham surishtirdik. Albatta, "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ o‘z Telegram kanalida qo‘shimcha vagonlar bo‘yicha xabar bergan, ammo biz so‘rab-surishtirganimizda vokzaldagi xodimlar bundan bexabarligini, ochig‘i qaysi kundan boshlanishini bilmasligini aytishdi.

 

Uzbekistan Airways bilan bog‘langanda esa samolyotlar to‘lib bo‘lganligi maʼlum bo‘ldi. Buni to‘g‘ri tushunsa bo‘ladi. Chunki havo yo‘li transporti orqali viloyatlarga qaytadiganlar faqatgina talaba emas. Qizig‘i, bizning talabalik sharoitida samolyotda qatnash bajarib bo‘lmaydigan ishdek ko‘rinadi.

 

Shunday bo‘lsada, surishtiruvlarimizdan aniq bo‘ldiki, chegirmalar hali eʼlon qilinmasdan avval joylar band qilingan.

 

Talaba xalqi bu yil turar joy masalasida juda ko‘p qiynalgani rost. Ijara pulining yarimi to‘lab berilishiga kelsak, baʼzi ijarachilar bunga ko‘ndi, baʼzilari esa chiqish joyini eslatib qo‘ydi. Endi esa uyga ketish muammosi. Bir amallab turarjoy pulini to‘lab, “qaydasan ota makon?” deya viloyatiga otlangan talabaning ahvolini endi ko‘ring.

 

Ha, aytgancha, ayni vaqtda viloyatlarga qatnovchi taksistlarning oshig‘i olchi. Bitta narxni kelishib olgan haydovchilar yo‘lovchini o‘zining nog‘orasiga o‘ynatishini aytmaysiz. Talaba bechora “stoyanka”ga boraverishda cho‘ntagidagi pulini bir qayta sanab olishini ko‘z oldingizga keltirsangiz, haqiqatdan ham unga achinasiz.

 

O‘tgan yili uyga ketishda “bir yo‘l” qilgan talabaning hikoyasi, albatta, maroq qilib eshitiladigan:

“Surxondaryoga joy qolmagani uchun Andijon-Termiz yo‘nalishida Sirdaryoga deb chipta sotib oldim. Maqsadim - Surxongacha ketadigan poyezdga “ilinish” edi.  Chiqib olgach keyingi masala chiptani tekshiradigan nazoratchidan “o‘tish” bo‘ldi. Biroq rahmi keldimi, nazoratchi “yordam” qildi. Albatta, men ham uning xizmatiga yarasha haq to‘ladim. Xullas, menga o‘xshab yo‘lini qilganlar, qilayotganlar ko‘p. Bu adolatli bo‘lsa-da, qonunan xato hisoblanadi. Biroq biz ham yangi yilni oila davrasida o‘tkazishni xohlaganimiz uchun shunday yo‘l qilishga majbur bo‘ldik”, - deydi bechora talaba.

 

Uning aytishicha, o‘sha vaqti uyiga ketish uchun birgina qonuniy yo‘l - yengil avtomobil bo‘lgan. Biroq narx shunchalik o‘sib ketganki, eshitgan odamni seskantiradigan darajada.

 

Afsuski hozirgi sharoit oldingidan ham boshqacha. Ayrim emas, ayrimdan ancha ko‘p bo‘lgan viloyatga qatnovchi haydovchilarga o‘sha kuni ko‘plab talabalar insof tilaydi.

 

Chegirma-ku mayli, doimgi narxni ikka hissa qilib haq so‘raydigan “taksist” akalarning o‘sha kuni aytadigan gaplari bor:

Sening kuning bugun

Kuning bugun sening.

 

Xullas, bayram oldi kunlar “taksist”larning otni qamchilaydigan pallasi bo‘ladi. Bunday paytda talaba qanday ahvolda, uning cho‘ntagida nima bor, pulni kimdan olyapti – bunday muammo hech kimni qiziqtirmaydi.

 

Talabaning dardi esa yil so‘ngida ham oxirgi yirik chiqimini qilib, uyiga jo‘nash, tamom-vassalom.

 

Ha, bu muammo har yili “chaynaladi”. Biroq bu yilgisi boshqacha bo‘lishi kerak. Negaki avvalgiga qaraganda joriy yil poytaxtga odamlarning oqib kelishi a-anchaga ko‘paydi.

 

Muammoga yechim izlaydigan bo‘lsak, faqat talabalar uchun alohida qatnovlar, reyslar qo‘yishni maslahat bergan bo‘lardik.

 

Shuningdek, chegirmalarni eʼlon qilish bir hafta oldin emas, bir oy oldin bo‘lishi maqsadga muvofiqdir. Ana shundan keyingina baʼzi bir talabalar g‘aflatda qolmaydi. Puli tushganda chipta sotib oladi yoki o‘qishdan taʼtil berilmasdan uyiga yugurmaydi.

 

Maqola so‘ngida aytadigan so‘zimiz bor. Bu albatta egasini topadigan gaplar:

 

Talabani talamang! U ham kimnidir bolasi. To‘g‘ri, ayni vaqtda “xo‘rak” bo‘lishi mumkin, biroq ijtimoiy kelib chiqishi qandayligini bilib bo‘lmaydi.

 

Avvalroq ko‘chada qolgan talabalar faryodi haqida maqola berilgandi.

 

Olamgir Abdiyev

 

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика