1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Jamiyat

Toshkent - hayratimni oshirgan shahar yoxud ko‘chada qolgan talabalar faryodi

“Ijaraga uy beriladi”. Faqat oila uchun. Aniq turadigan bo‘lsangiz, bezovta qiling. Talabalar qabul qilinmaydi. Ovvora bo‘lib qo‘ng‘iroq qilmang”.

Toshkent - hayratimni oshirgan shahar yoxud ko‘chada qolgan talabalar faryodi

 

 

Yolg‘iz erkakman. 1 xonali uyda o‘zim yashayman. Barcha qulayliklarga ega. Ikki nafar qizni sheriklikka olaman.”

 

Ayni kunlarda ijtimoiy tarmoqlar bu kabi eʼlonlar bilan to‘lgan. Bugun sentyabr oyining to‘rtinchi kuni. O‘qish boshlanishiga esa atiga ikki kungina vaqt qoldi. Shu bois hozirda poytaxtga viloyatlardan talabalar “oqib” kelmoqda. Ijara uylar narxlari esa “Toshkent teleminorasi” bo‘yiga yetgan. Yuqoridagi eʼlonlardan kishining hafsalasi pir bo‘ladi. Anglash mumkinki, bu kabi eʼlonlardan talaba uchun najot yo‘q.

 

 Osmono‘par narxlar kecha yoki bugun paydo bo‘lgani yo‘q. Toshkentning bag‘rida ulg‘ayayotgan talaba ijaraga uy qidirish, uy egasining turli injiqliklariga chidashu, falon pul to‘lab, kezi kelganda durustroq ovqat yeyishga ham pul topolmay, baʼzi holatlarda, oxir-oqibat uydan haydalish kabi qiyinchiliklar zaxmini yaxshi anglaydi.

 

Toshkent talabalarni sevmaydi. Misol keltirish uchun, oxirgi 10 kunlikka nazar tashlaylik. Oliygohlarda o‘quv yilining anʼanaviy shaklda bo‘lishi maʼlum bo‘lgandan beri riyeltorlar ancha boyib qoldi. Yoz oylari 200 dollarga xaridor topolmay yurgan ijara beruvchilar bugun uy uchun kishi boshiga, eng kamida, 50 dollar so‘ramoqda.  Besh qo‘l barobar emas. Shunday ekan, talabalarning hammasida ham bunday imkoniyat yo‘q. Toshkentda  tanish-bilishi, biror yaqini, uyi bo‘lmagan talaba ijara azobini tatishga majbur.  

 

Bugun talabalarni qiynayotgan bunga o‘xshash holatlar yuzasidan “Ijaraga uy beriladi” deb yozilgan eʼlonlarning ayrimlariga qo‘ng‘iroq qildik: 

 

1-qo‘ng‘iroq: “Ikki xonali, ko‘p qavatli uyda turuvchi yosh oila (aslida, ularning o‘zlari ham bu yerda ijarachi). Uyning bir xonasiga 2 nafar qiz olamiz, narxi 50 dollar.”

 

Eʼlonda ko‘rsatilgan telefon raqamga qo‘ng‘iroq qildik. Qisqa suhbatdan so‘ng  u bizga talaba qizlarni olmasligini aytdi. Nega, deb so‘raganimizda: “O‘zimiz ham student bo‘lganmiz”, — deya javob qaytardi.

 

2-qo‘ng‘iroq: Shahar markazidan ancha uzoqda joylashgan, lekin barcha qulayliklarga ega, ikki xonali uy. Bir farzandi bog‘cha yoshida, ikkinchisi esa hali onasi qo‘lidan tushmagan go‘dak. Ikkinchi xonaga, sheriklikka 50 dollardan ikkita qiz olmoqchi ekan. Suhbat davomida kichkintoy farzandining yig‘isi telefon karnaylarini yorib o‘tayotgandek edi, go‘yo. Bundan anglash mumkinki, bu uyda yashab, dars qilish amrimahol.

 

3-qo‘ng‘iroq: Har tomonlama qulay, barcha sharoitlarga ega bo‘lgan uy. Ikki xonali va faqatgina 2 nafar qiz bolaga ijaraga beriladi. Kishi boshiga 100 dollardan.  Odam o‘ylanadi. Talaba ishlamasa, baxti bilan davlat granti asosida o‘qigan taqdirida ham  ijara pulini to‘laydimi yoki kunlik ehtiyojlarini qoplaydimi? Agar to‘lov kontrakti asosida bo‘lsachi!?

 

4-qo‘ng‘iroq: “Ikki xonali bo‘sh uy, qulayliklarga ega, yangi taʼmirdan chiqqan. Faqatgina qizlarga beriladi. Narxi 300 dollar”.

 

Bunday eʼlonlar ko‘p uchradi.  Ko‘proq qiz yashasa, bu summani eplasa bo‘ladi. Telefon qilganimizda biz bilan suhbatlashayotgan odam uy egasi emas, makler ekanini bildik. Demakki, ijara puliga qo‘shimcha 50 foiz miqdorda qo‘shimcha xizmat haqqi qo‘shib berish kerak. Birinchi oyda bu uyning ijara narxi 450 dollarga aylanadi. Uni ham bir oy amallab tursa, keyingi oydan iziga tushadi. Lekin uy shartlariga ko‘ra, maksimal 4 kishi yashashi kerak. Bunda har bir ijarachiga birinchi oy uchun qariyb 110 dollar, keyingi oylar uchun esa 75 dollardan to‘lashi kerak bo‘ladi.

 

Shunga o‘xshash, narxi ham bir xil bo‘lgan bir nechta uylarning eʼlon beruvchilar bilan gaplashganimizda  esa talabalarga aslo berilmasligi ham aytildi.

 

5-qo‘ng‘iroq: O‘zi ham universitet talabasi bo‘lgan qiz ota-onasi olib bergan uyga sherik olmoqchi. Butun boshli ikki xonali uy narxi 200-250 dollar bo‘lib turgan bir vaqtda, u bir xonaga 4 nafar qizni 50 dollardan joylashtirmoqchi. Sarsonlik va tinimsiz izlashdan charchagan talabaning rozi bo‘lishdan o‘zga chorasi yo‘q.

 

Maʼqul kelganini aytib, ijara shartnomasi tuzish haqida gapirganimizda ijara beruvchining muomalasi keskin o‘zgara boshladi:

 

— Uzr, lekin bu borada yordam bera olmayman. Shartnoma tuzsam, o‘zim ham soliq to‘lashim kerak. Ishonmang, davlat baribir 50 foiz pulini to‘lab bermaydi. Yaqinda bir dugonam rosa “ketidan quvdi”, ololmadi, — deb gap boshlab ketdi. Vaholanki, hali beri davlat to‘lab berishi haqida gapirmagan edik.

 

P.S.: Toshkent shahrida ijaraga uy beruvchilarning katta qismi, noqonuniy ish yuritadi va ijara shartnomasi tuzishni istamaydi. Asosiy sabablardan biri, uy o‘zlariga tegishli emas va shartnomadan so‘ng soliq to‘lashga majbur bo‘ladi. Moliyaviy ko‘makka muhtoj talabalar ijara haqining maʼlum qismini davlat tomonidan qoplatish uchun ijara shartnomasiga ega bo‘lishi shart. Moliyaviy ko‘makdan tashqari, agar ijara shartnomasi tuzilmasa, ijara beruvchi istagan vaqtida uy narxini ko‘tarishi, qo‘shimcha talablar qo‘yishi yoki talabani uydan haydashi mumkin. Bunday holatga duch kelganlar soni juda ko‘p.

 

6-qo‘ng‘iroq: “Uch xonali, barcha qulayliklarga ega ko‘p qavatli xonadon. 350 dollar. Ikki oylik ijara pulini avvaldan berish kerak. 4 nafardan ortiq talaba olinmaydi”.

 

 Shartnoma haqida gapirishning ham hojati yo‘q.

 

7-qo‘ng‘iroq: 4 xonali uyda yashovchi ziyoli oila. Uy egalari universitetda dars berishadi, ikkita talaba qiz olmoqchi. Narxi kishi boshiga 1 million so‘m, lekin eʼlonda 600 ming so‘m deb ko‘rsatilgan.

 

Universitetning ziyoli o‘qituvchilari yolg‘on eʼlon joylab tursa, boshqalardan o‘pkalashning keragi yo‘q.

 

Sanasak oxiri ko‘rinmaydi. Eʼlonlarning soni ham turi ham ko‘p. Arzoni juda xarob, yashab bo‘lmaydi, bir xonada 7 kishigacha yashaydi, qimmatini oddiy talabaning cho‘ntagi ko‘tarmaydi. Bu narxga yashasa ovqatlanmasligi kerak.  Qaysidirining hujjatlari bilan muammo bo‘lsa, yana birida oilaning yoniga sheriklikka olinadi. Hech bir ota-ona, shubhasiz, qizi olis joyda begona erkak bor bo‘lgan uyda yashashini istamaydi. Ko‘p eʼlonlarda “Faqat nikoh guvohnomasiga ega bo‘lgan oila uchun”, deb yozilgan. 

 

Talaba qizlarning baxti — qiz bola bo‘lgani! Ularga amallab joy topsa bo‘ladi. Eʼlonlarni ko‘rib chiqar ekanmiz, “Yigitlar uchun” deyilganlarini deyarli ko‘rmadik hisob. Nega, deb so‘rasak, o‘g‘il bolalarga ishonch yo‘qligi, ijara uyni xarob qilib tashlashini aytishdi.

 

Sir emas, talabalar orasida kunlab ijaraga uy topolmay, yarim kechasi ko‘chada yuklari bilan qolib ketgan, ota-onasi bilan birga kelib, sarson bo‘lgan, uyma-uy yurib, joy izlagan, bor pulini mehmonxona-yu, iflosligiga chidab bo‘lmaydigan kunlik turar joylarga sarflaganlarni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rganmiz. Toshkentdek azim shaharga katta umidlar bilan, ishtiyoq va shijoatga to‘lib kelgan talabaga bu qanday taʼsir ko‘rsatadi? Talaba nima qilsin?

 

Shu holatda oilasining moliyaviy holatini o‘ylasinmi, o‘qisinmi, yoki turar-joy muammolari bilan o‘ralashib yursinmi?

 

Maʼlumki, barcha oliy taʼlim muassasalarda yotoqxonalar sentyabr oyining 15-sanasiga qadar yoki undan ham kech muddatda talabalarga taqsimlab beriladi. Shunda ham barcha ehtiyojmand talabani qamrab olishning imkoni yo‘q. Shu 15-20 kun oralig‘ida ham talaba nima qilsin? Qayerda qolsin?

 

Mabodo, ijaraga uy topa olmasa yoki pul to‘lashga qurbi yetmasa, darslarda qatnashmasligi mumkinmi? Dars qoldirgani uchun javobgarlikka tortilmaydimi?

 

OTMlar o‘z talabalarini og‘ir ahvolda qoldirmaslik uchun nega yotoqxonani taqsimlash jarayonlarini darslar boshlanguncha yo‘lga qo‘ya olmaydi? Nega talaba sarson bo‘lishi, har eshikka bosh urib borishi kerak? Yashab turgan joyidan istagan vaqtida quvilishini bilib turib, bu azoblarga ko‘nishi kerakmi? Ijara shartnomasi tuzdira olmasa ijara pulining maʼlum qismi qoplab berilmaydimi? Yotoqxona muammosi qachon hal bo‘ladi va ayni kunlarda talabalarga qulaylik yaratish uchun nimalar qilinyapti? Bu savollar hozircha javobsiz, lekin mutasaddilardan javob kutib qolamiz.

 

Maftuna Rejabboyeva tayyorladi

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика