Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining sobiq rahbari Qamchibek Tashiyevning murojaati e’lon qilindi.
Murojaatda Tashiyev lavozimidan ozod etilgani o‘zi uchun kutilmagan bo‘lganini bildirgan. Unga ko‘ra, u avval o‘tkazilgan jarrohlik amaliyotidan so‘ng tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun davlat rahbarining ruxsati bilan chet elga safar qilgan. Shunga qaramay, u davlat rahbarining qarori har qanday sharoitda ham bajarilishi lozimligini ta’kidlagan.
Shuningdek, murojaatda Tashiev davlat va xalq manfaatlari yo‘lida xizmat qilganidan faxrlanishini bildirgan.
"Men davlatimizga, xalqimizga va prezidentimizga sharaf bilan xizmat qildim va bundan faxrlanaman. Mening yagona afsuslanishim shundaki, menga xodimlarim bilan xayrlashish imkoniyati berilmadi. Men har bir GKNB xodimiga minnatdorchilik bildiraman va ularga muvaffaqiyatlar tilayman!", deyiladi bayonotda.
Eslatib o'tamiz, Qamchibek Tashiyev 10-fevral kuni Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari hamda Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi lavozimlaridan ozod etilgani ma’lum qilingan edi.


