Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Soliq qo‘mitasi tadbirkorlarning hisobidan katta miqdorda mablag‘ yechib olingani haqidagi xabarlar tarqalganini ma’lum qilingan edi.
O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, ma’lumotlar bazasida yuzaga kelgan texnik nosozlik sababli 30,1 ming soliq to‘lovchining hisobidan jami 399,3 milliard so‘m asossiz mablag‘ yechib olingan.
Mazkur holat natijasida:
7 203 nafar to‘lovchidan – 100 ming so‘mgacha;
10 165 nafar to‘lovchidan – 100 ming so‘mdan 1 mln so‘mgacha;
8 270 nafar to‘lovchidan – 1 mln so‘mdan 10 mln so‘mgacha;
3 780 nafar to‘lovchidan – 10 mln so‘mdan 100 mln so‘mgacha;
672 nafar to‘lovchidan – 100 mln so‘mdan 1 mlrd so‘mgacha;
10 nafar to‘lovchidan – 1 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ yechilgan.
Soliq organlari mablag‘larni bugungi kun oxirigacha to‘liq qaytarish bo‘yicha barcha zarur choralarni ko‘rmoqda. Qaytarish jarayoni avtomatik ravishda amalga oshiriladi va soliq to‘lovchilardan yozma murojaat talab etilmaydi.
Bugungi soat 18:00 holatiga 20 608 ta subyektga 274,7 mlrd so‘m qaytarilgan. Shuningdek, tijorat banklarida ijrosi bajarilmagan inkasso topshiriqlari ham bekor qilingan.


