3-fevral kuni ayrim internet manbalarda davlat tizimlaridan fuqarolarga oid maʼlumotlar sizdirilgani haqida xabarlar berilgan edi.
Mazkur xabarlar fonida ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistondagi tijorat banklari, to‘lov tashkilotlari va to‘lov tizimi operatorlarining axborot tizimlariga kiberhujum uyushtirilgani haqida turli xabarlar tarqalmoqda. Markaziy bank mazkur maʼlumotlarni rad etdi.
Markaziy bank matbuot xizmati bildirishicha, hozirgi vaqtga qadar tijorat banklari, to‘lov tashkilotlari hamda to‘lov tizimi operatorlarining axborot tizimlariga nisbatan kiberhujum sodir etilgani qayd etilmagan.
Shu munosabat bilan fuqarolardan quyidagilarga qatʼiy amal qilish so‘raldi:
- nomaʼlum va shubhali manbalar orqali tarqatilayotgan havolalarga kirmaslik;
- shaxsiy maʼlumotlar, jumladan bank karta rekvizitlari, SMS-kodlar va parollarni hech kimga bermaslik;
- faqat rasmiy manbalar orqali eʼlon qilingan axborotlarga ishonish;
- shubhali holatlarga duch kelinganda tegishli vakolatli organlarga murojaat qilish.
Bu borada Kiberxavfsizlik markazi o‘rganish ishlari olib borilayotganini maʼlum qildi. Shuningdek, Ichki ishlar vazirligi hamda Soliq qo‘mitasi o‘z axborot tizimlarining xavfsizligi to‘liq taʼminlanganini, tashqi kirish holatlari aniqlanmaganini bildirgan edi.


