Bugun ijtimoiy tarmoqlar va qator axborot kanallarida O‘zbekiston tijorat banklari faoliyati bilan bog‘liq muhim texnik va xavfsizlikka oid masalalar keng muhokama qilinmoqda. Xususan, ayrim banklarning mobil ilovalarida onlayn mikroqarz olish imkoniyati vaqtincha to‘xtatilgani haqida xabarlar tarqaldi. Ushbu cheklovlar ehtiyot chorasi sifatida joriy etilgani va fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda.
Ayni paytda OneID yagona identifikatsiya tizimidagi texnik holatlar sababli ham qator bank xizmatlarida uzilishlar kuzatilayotgani ma’lum qilinmoqda. Xususan, mijozlarni identifikatsiya qilish talab etiladigan xizmatlar — kredit rasmiylashtirish, valyuta ayirboshlash, omonat ochish, plastik karta rasmiylashtirish va hisob raqam ochish jarayonlarida qiyinchiliklar yuzaga kelmoqda. Bank tizimlari OneID orqali mijoz ma’lumotlarini olish uchun foydalanuvchining elektron raqamli imzo (E-imzo) orqali alohida ruxsatini talab qilmoqda. Ushbu ruxsat berilmaguncha identifikatsiya jarayoni to‘liq amalga oshmayapti va xizmatlar vaqtincha cheklanmoqda.
Bankirlar va soha mutaxassislari ushbu holat alohida bir bank bilan bog‘liq emasligini, balki markazlashgan identifikatsiya tizimiga bog‘liq texnik omillar bilan izohlanayotganini qayd etmoqda. Shu bilan birga, tizimdagi nosozliklar bartaraf etilgach, xizmatlar odatdagi tartibda tiklanishi kutilmoqda.
Mazkur vaziyat fonida yana bir jiddiy xavotirli xabar ham muhokama qilinmoqda. Ijtimoiy tarmoqlar va ayrim manbalarda kamida 15 million nafar O‘zbekiston fuqarosining shaxsiy ma’lumotlari tarqalgani va Dark Web’da joylashtirilgani haqida ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu bazalarda fuqarolarning shaxsni tasdiqlovchi hujjatlari va boshqa muhim shaxsiy ma’lumotlari bo‘lishi mumkin.
Holat yuzasidan Ijtimoiy himoya milliy agentligi rasmiy munosabat bildirib, dastlabki o‘rganishlar ma'lumotlarning tarqalish holati idoraning avval foydalanilgan eski ma’lumotlar bazasi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini tasdiqladi. Agentlik ayni paytda vaziyat chuqur o‘rganilayotganini va barcha zarur xavfsizlik choralarini ko‘rayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, Kiberxavfsizlik markazi ham ushbu holat yuzasidan tekshiruv ishlarini olib bormoqda.
Manbalarga ko‘ra, sizib chiqqan ma’lumotlar turli davlat tashkilotlari axborot tizimlarida saqlangan bo‘lishi mumkin. Jumladan, ayrim ma’lumotlar soliq organlari, ijtimoiy himoya tizimi va boshqa davlat idoralarining eski bazalariga taalluqli bo‘lishi ehtimoli tilga olinmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, aynan shu kabi xavfsizlikka oid ehtimoliy tahdidlar sabab banklar vaqtincha qo‘shimcha himoya choralarini joriy etgan bo‘lishi mumkin. Xususan, masofaviy identifikatsiya va avtomatik kredit ajratish tizimlari vaqtincha cheklanishi moliyaviy firibgarliklarning oldini olishga qaratilgan ehtiyot chorasi sifatida baholanmoqda.


