Termiz shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston — Afg‘oniston muzokaralari to‘g‘risida 2021-yil 16-oktabr kuni Termiz shahrida O‘zbekiston va Afg‘oniston delegatsiyalarining ishchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Delegatsiyalarga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari — Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov va Afg‘oniston Islom Amirligining Muvaqqat hukumati rahbari o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Abdul Salom Hanafiy boshchilik qildi.
Muzokaralar chog‘ida turli vazirlik va idoralar vakillari savdo-iqtisodiy aloqalar, chegara xavfsizligini taʼminlash, energetika, xalqaro yuk tashish va tranzit sohasidagi hamkorlik masalalarini muhokama qildilar. Shuningdek, taʼlim va gumanitar sohadagi aloqalarni rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi.
Infratuzilma loyihalarini amalga oshirishga, xususan, “Surxon – Puli-Xumri” elektr uzatish tarmog‘i hamda “Termiz – Mozor-Sharif – Kobul – Peshovar” temir yo‘lini qurishga alohida eʼtibor qaratildi.
Uchrashuvlar natijasida muhokama qilingan masalalar bo‘yicha bir qator ikki tomonlama kelishuvlarga erishildi.
Afg‘oniston delegatsiyasi O‘zbekiston tomoniga samarali muzokaralar va mehmondo‘stlik uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.
Avvalroq “Tolibon” delegatsiyasi Termizga kelgani hamda AQSH Kobuldagi aviazarbadan halok bo‘lganlar oilasiga kompensatsiya taklif qilgani xabar qilingandi.


