
Harakat afg‘on to‘ylariga oid yangi qoidalar ishlab chiqqan. Unga ko‘ra, endi to‘y marosimlarida jonli musiqa chalinmaydi. Bu qaror sobiq ayollar vazirligi o‘rnida tuzilgan “Axloq politsiyasi” tomonidan qabul qilingan.
Bundan tashqari, to‘y ziyofatidan oldin nikoh o‘qitish taqiqlandi. Shuningdek, ayollar va erkaklar alohida o‘tirishi belgilab berilgan. “Afghanistan International”ning yozishicha, aksariyat afg‘onlar hayotida to‘y eng muhim hodisa hisoblanadi. Odatda, ushbu marosim uch kun davom etadi.
Maʼlumot uchun, 15-avgust kuni Ashraf G‘ani prezidentlik lavozimidan voz kechdi. Shundan keyin “Tolibon” hokimiyatni egalladi. 7-sentabr kuni mamlakatda yangi hukumat tuzildi.
Bundan avval Qatar toliblarni tanqid qilgani hamda Britaniya maxsus vakili “Tolibon” bilan uchrashgani xabar qilingandi.
Jahongir Qo‘ziyev


