
"Odamlar bilan yaxshi munosabatda bo‘ling, keraksiz suratga olishlarni bas qiling va hukumat idoralari binolariga zaruratsiz kirishni to‘xtating", — degan mudofaa vaziri.
U baʼzi toliblar tomonidan sobiq prezident Ashraf G‘ani davrida ishlagan shaxslar, jumladan, harbiylar qatag‘onga uchraganini tan oldi.
Mulla Yoqub baʼzi dala qo‘mondonlari o‘z safiga axloqsiz shaxslarni qo‘shib olganini taʼkidlagan. Endilikda ular yangi hukumat siyosatiga qarshilik qilgani uchun jazolanishi kerakligi alohida qayd etildi.
Ushbu bayonot toliblarning sobiq davlat xizmatchilariga qilayotgan hujumlari sababli berildi. Jumladan, 24-sentyabrga o‘tar kechasi bir guruh jangarilar sobiq harbiylar uyiga bostirib kirib, ularni o‘ldirgani maʼlum bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Tolibon” o‘lim jazosini tiklamoqchi ekani haqida xabar berilgandi.
Jahongir Qo‘ziyev


