
“Yollanma dushmanlarning so‘nggi qarorgohi, Panjsher viloyati egallandi. Mamlakatda xavfsizlik o‘rnatishga qaratilgan oxirgi harakatlar o‘z samarasini berdi va Panjsher Afg‘oniston Islom Amirligining to‘la nazoratiga o‘tdi”, degan Mujohid o‘z “Tvitter” sahifasida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, isyonchilarning akcariyati janglarda o‘lgan, baʼzilari qochib ketgan. Toliblar Panjsher aholisini taʼqib qilmaslikka vaʼda bergan.
Bundan avval Milliy Qarshilik fronti yetakchilari Amrulla Solih va Ahmad Masʼud Afg‘onistonni tark etgani xabar qilingan edi. Ammo Masʼud tarafdorlari uning Panjsherda ekanini aytmoqda. Qo‘mondonning o‘zi Panjsherga qarshi toliblar emas, Pokiston armiyasi va razvedkasi urush olib borayotganini taʼkidladi. Baʼzi manbalar buni tasdiqlagan. Xususan, Pokiston maxsus kuchlari viloyatga kirib kelgan. Islomobod harbiy-havo kuchlari dronlari boshqariladigan raketalar bilan zarba bergan.
5 sentyabr kuni Ahmad Masʼud “Tolibon” hujumni to‘xtatgan taqdirda muzokaralarga tayyorligini aytgan. Ammo bu taklifni toliblar rad etdi. Keyinchalik Qarshilik fronti tinchlik muzokaralari haqida deklaratsiya ham eʼlon qilgandi.
Jahongir Qo‘ziyev


