Toshkent shahrida piyodalar yo‘laklarida xavfsizlikni ta’minlash maqsadida sun’iy intellekt asosida ishlovchi zamonaviy kameralar ishga tushirildi. Hozircha bu tizim 10 ta piyodalar o‘tish joyiga o‘rnatilgan bo‘lib, haydovchilar tomonidan qoidabuzarlik holatlarini avtomatik tarzda aniqlab, ma’muriy javobgarlikka tortishni ta’minlaydi.
Atigi 3 kun ichida ushbu kameralar 1700 ta qoidabuzarlik holatini aniqlab, tegishli jarimalarni rasmiylashtirdi.
Bu tizim piyodani o‘tkazmasdan davom etgan haydovchilarni real vaqtda aniqlab, avtomatik tarzda jarima rasmiylashtiradi.
Kelgusi haftalarda ushbu kameralar soni yana oshiriladi — yana 30 ta chorrahaga o‘rnatilishi rejalashtirilgan.
Yangi tizim haydovchilardan yo‘l harakati qoidalariga, ayniqsa, piyodalar huquqiga qat’iy amal qilishni talab qiladi. Chunki endi piyoda yo‘lagida to‘xtamaslik faqat e’tiborsizlik emas — avtomatik jazoga olib keladigan qonunbuzarlikdir.
Jamoatchilikda esa bu texnologiyalar nafaqat Toshkentda, balki boshqa viloyatlar markazlarida ham joriy qilinishi kerak, degan fikrlar bildirilmoqda.


