
Qayd etilishicha, oktabr oyining birinchi shanba va yakshanba kunlari Samarqand shahriga sayohatga boruvchi fuqarolarga qo‘shimcha qulaylik hamda ko‘proq transport xizmatlarini ko‘rsatish maqsadida Toshkent—Samarqand—Toshkent yo‘nalishida qatnovlar soni ko‘paytiriladi.
Jumladan, 2-3 oktabr kunlari “Toshkent—Samarqand—Toshkent” yo‘nalishida 768/767 sonli “Afrosiyob” zamonaviy tezyurar poyezdlarining qo‘shimcha qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.
Taʼkidlanishicha, 2-3 oktabr kunlari harakat jadvaliga ko‘ra 768-sonli qo‘shimcha “Afrosiyob” poyezdi Toshkent markaziy vokzalidan soat 07:07 da, 767-sonli qo‘shimcha “Afrosiyob” poyezdi Samarqand temir yo‘l vokzalidan soat 18:20 da harakatlanadi.
"Qo‘shimcha maʼlumotlarni Toshkent shahrida 1005 qisqa telefon raqami, joylardagi temir yo‘l kassalari hamda maʼlumotlar byurosidan bilib olishingiz mumkin", deyiladi, “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ xabarida.
Avvalroq Ispaniyadan yuborilgan “Afrosiyob” tezyurar poyezdi Toshkentga yetib kelgani, Toshkent—Urganch—Toshkent yo‘nalishida qo‘shimcha poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yilgani hamda “Andijon-Termiz-Andijon” yo‘nalishida yangi yo‘lovchi poyezdi qatnovi ishga tushgani haqida xabar berilgandi.


