
“Tinchlik, maʼrifat va taraqqiyot uchun” shiori ostida o‘tayotgan kinofestival doirasida 14 mamlakat vakillari ishtirokida “Jahon kinosi kunlari”ni o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Ushbu tadbirda eronlik kinoijodkorlarning ham ishtirok etishi kutilmoqda.
Bu yilgi Toshkent kinofestivaliga tashrif buyurgan eronliklar delegatsiyasi tarkibidan A.Tobiish, Mirza Abulfazl Attar, Muxammad Mexdi Asg‘arpur, Ibrohim Muxtoriy, Hamidrizo Qutbiy, Alirizo Shohruxiy, Hamid Tehroniy, Ali G‘aviton kabi taniqli kinoijodkorlar o‘rin olgan. Ular Toshkent, Jizzax, Samarqand shaharlarida o‘z ijod namunalarini namoyish etadi.
Kinofestivalning “Jahon kinosi kunlari” dasturidan o‘rin olgan “Eron kinosi kunlari”ning ochilishi marosimi 29 sentyabr kuni O‘zbekiston Yoshlar teatri binosida bo‘lib o‘tadi.
Eronlik mashhur rejissyor Ibrohim Muxtoriyning “Hayot varaqlari”(2017) filmi kinofestivalning “Jahon kinosi kunlari” dasturini boshlab beradi.
30-sentabr kuni O‘zbekiston Yoshlari teatri binosida bo‘lib o‘tadigan Eron kinosi kunlarida rejissyor Maziyor Miriyning “Sara va Saida” (2017) hamda yana bir mashhur eron rejissyori Abulfazl Jalilining “Tungi poyezd” filmlari namoyish bo‘lib o‘tadi.
30-sentabr kuni eronlik mehmonlar Jizzax shahrida bo‘ladi. Film namoyishidan oldin kinoijodkorlar bilan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tadi. Co‘ngra Eronning mashhur filʼmlaridan biri “Suhrobning orzulari” badiiy filʼmi namoyish qilinadi. Ushbu filʼm rejissyori — Ali G‘aviton.
1-oktabr kuni mehmonlar Samarqandga bo‘ladi. Samarqanddagi “Yoshlar markazi”da eronlik kino ustalari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tadi. Bu yerda “Meros”(2020), “Onalik” (2017) hamda “Diapazon” badiiy filmlari namoyish etiladi.
2-oktabr kuni esa eronlik kinoijodkorlar Toshkent shahriga qaytib keladi. Mehmonlar “Jahon kinosi kunlari”ning yopilish marosimida qatnashadi. Shuningdek, “Renaissance Hall” kinokonsert zalida o‘tadigan XIII Xalqaro Toshkent kinofestivalining tantanali yopilish marosimida ham ishtirok etishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, kinofestival bosh homiysi: AGMK, NGMK va “O‘zbekneftgaz”. Hamkor homiylar: “O‘ZBEKTELEKOM”, “O‘zdonmahsulot” AK, “O‘zpromstroybank”ATB, “Ipoteka-bank” ATIB, “Asakabank”AJ, “O‘zbekiston temir yo‘llari”, “Hududgazta‘minot”, “UzAuto Motors”AJ, “O‘zmetkombinat” AJ, “Milliy bank”AJ, “Farg‘onaazot”AJ, “Eriell”, “Bosch” TM, “Easy Booking”.
Bundan avval Oktay Kaynarja yangi O‘zbekiston haqidagi fikrlarini aytgani, Stiven Sigal Toshkentga tashrif buyurgani haqida xabar berilgan edi.
Cho‘lponoy Ahmedova


