
Maʼlum bo‘lishicha, 18-sentabr kuni soat 01:00 larda nomaʼlum shaxs “Aviasozlar” dahasidagi bankomatlardan birini buzib, undagi pullarni o‘g‘irlab ketgan.
Huquq-tartibot organlari xodimlari ushbu shaxsni ertasi kuni ushlashga muvaffaq bo‘lgan. Aniqlanishicha, qo‘lga olingan shaxs bunga qadar bir necha bor sudlangan. Uning uyida o‘tkazilgan tintuvlar davomida 73 million so‘m topilgan. Qolgan pullarni u o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan.
"Kechqurun ichdim va ko‘chaga chiqdim. Bankomat ko‘rdim, unda pul borligini bilardim. Mashinamda ikkita pichoq bor edi, ochadimikan yoki yo‘q deya pichoqni tiqdim. Ochildi, ikkita ‘yacheyka‘ turgan ekan, olib ketdim…", — deydi gumonlanuvchi.
Holat yuzasidan Yashnobod tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘irlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va ayblanuvchiga nisbatan "qamoqqa olish" ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Avvalroq Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanida bankomatlar nega ishlamayotgani, Navoiyda aka-uka tovlamachilik qilib, Janubiy Koreyaga yuborish uchun ikki do‘stidan 3 000 dollardan pul undirgani hamda Jizzaxda firibgar o‘z do‘stining 3 500 AQSH dollarini o‘margani haqida xabar berilgandi.


