Toshkent shahrining Yunusobod tumanida fuqarolarga xarid qilingan avtomashinalarini nomiga o‘tkazib bermasdan MCHJni qasddan bankrotlikka olib kelgan shaxslar aniqlandi. Bu haqida Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, “A.M.L.” MCHJ masʼul shaxslari avtotransport vositalari sotuvi bilan shug‘ullanib kelib, 4 nafar fuqaroga “Spark”, “Sobalt” va “Nexia-3” rusumli avtomashinalarni 2 yildan 3 yilgacha muddatli to‘lov asosida sotishga kelishib, fuqarolar tomonidan 2019-2023 yillar davomida to‘lovlar to‘liq to‘langandan keyin avtomashinalarni ularning nomiga o‘tkazib bermasdan, jami 34 882 AQSH dollari va 118,5 mln so‘mini qo‘lga kiritganliklari aniqlangan.
Bundan tashqari, MCHJ masʼul shaxslari kreditorlarning oldida 6,1 mlrd so‘m qarzdorligi mavjud bo‘lsa-da, avtotransport vositalarining sotuvidan tushgan 471,9 mln so‘mni hisob-raqamiga kirim qilmasdan korxonani to‘lovga qobiliyatsizligini qasddan yuzaga keltirganliklari maʼlum bo‘lgan.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 181-1-moddasi (qasddan to‘lovga qobiliyatsizlikka olib kelish) bilan bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.


