J.A. ijtimoiy tarmoqlar orqali Sh.J. bilan tanishib qoladi va ancha vaqtgacha internetda gaplashib yurishadi. Shunday suhbatlarning birida u qizni yalang‘och holda videotasvirga tushib, yuborishga ko‘ndiradi. Videotasvirni qo‘lga kiritgan J.A. uni o‘ziga tegishli uyali aloqa vositasining xotira kartasiga yuklab oladi. J.A. mazkur videotasvir orqali Sh.J.dan pul undirish fikri tug‘iladi. U Telegram'da profil ochib, so‘ng ushbu profil orqali Sh.J.ga aloqaga chiqadi. Unga o‘zining uyali aloqa vositasi xotira kartasida saqlab kelayotgan videotasvirlarning skrinshotini yuborib, agar 5 000 AQSH dollari bermasa, bu videotasvirni yaqinlariga yuborish bilan tahdid qiladi. Sh.J. undan bu uyatsiz videoni qarindoshlariga yubormaslikni iltimos qilib, 2 500 AQSH dollari bera olishini aytadi. Shundan keyin J. unga pulni yaqin atrofda joylashgan savdo majmuasida qabul qilib olishini maʼlum qiladi.
Pul qabul qilib olish jarayonida Sh.J. uni tanib qolishidan cho‘chigan J.A. qarindoshi U.A.ga “Bir tanishimning menda qarzi bor, imkoning bo‘lsa o‘sha pulni olib kel. U pulni savdo majmuasiga olib keladi. 2500 AQSH dollarini olganingdan keyin manabu tilxat bilan xotira kartasini unga berasan”, deb U.A.ni aldaydi. J.A. gapiga ishongan soddadil U,A. pulni olish uchun Sh.J. yoniga jo‘naydi. U uchrashuv belgilangan savdo majmuasining oldida Sh.J. bilan uchrashib, pul mablag‘larini olayotgan vaqtida tezkor xodimlar tomonidan qo‘lga olinadi.
Sud majlisida so‘roq qilingan J.A. o‘z aybiga qisman iqrorligini, dastlabki tergovda bergan ko‘rsatmalarini tasdiqlamasligini bildirdi. U., Sh.J. bilan o‘quvchilik paytidan beri gaplashib yurishini, keyinchalik Xitoyga o‘qishga ketganligi bois qiz bilan ko‘risha olmaganini, faqat ijtimoiy tarmoqlar orqali muloqot qilganini aytаdi. Uning maʼlum qilishicha, Sh.J. bilan turmush qurmoqchi bo‘lishgan, ammo qizning uyidagilar uni boshqa yigitga unashtirishgan. Bu narsa J.A. qattiq alam qilgan va go‘yoki, qiz uchun sarflagan pullarini shu yo‘l bilan undirib olmoqchi bo‘lgan. Shu maqsadda Telegram'da profil ochib, qozoq tilida muloqot qilgan. Garchi sudlanuvchi J.A. aybiga qisman iqror bo‘lsa-da, uning aybi yetarli dalillar bilan o‘z isbotini topdi.
J.A. Jinoyat kodeksining 165-moddasi, 1-qismi bilan aybli, deb topildi va unga shu modda bilan 4 yil muddatga sutkaning kechki soat 22:00 dan ertasi kuni soat 06:00 ga qadar ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
Avvalroq Xorazmda yozgan arizasini qaytarib olish uchun 6 ming AQSH dollar talab qilgan tovlamachi ushlangani hamda Andijonda virtual firibgar qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi.
Munojat Valiyeva


