AQSH prezidenti Donald Tramp bugun Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan Ukraina urushi bo‘yicha telefon orqali muloqot o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Trampning aytishicha, suhbatda urushdagi qirg‘inni to‘xtatish masalasi muhokama qilinadi. U Rossiya bilan bog‘langach, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy va NATOdagi ittifoqchilari bilan ham aloqaga chiqmoqchi.
Ushbu fon ostida AQSH va Yevropa davlatlari Kremlga nisbatan bosimni kuchaytirmoqda. Buyuk Britaniya, AQSH, Germaniya, Fransiya va Italiya rahbarlari telefon orqali muzokara o‘tkazib, Rossiya o‘t ochishni to‘xtatish va tinchlik muzokaralariga jiddiy yondashmasa, unga qarshi sanksiyalar joriy etilishi mumkinligini muhokama qilgan.
Britaniyaning rasmiy bayonotida aytilishicha, bu suhbatda Germaniya kansleri Fridrix Mers, Britaniya bosh vaziri Kir Starmer, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, AQSH prezidenti Donald Tramp hamda Italiya bosh vaziri Jorjiya Meloni ishtirok etgan.
Yevropa va AQSH rasmiylarining fikricha, diplomatik bosim Rossiyani urushni tugatishga undashi mumkin.


