2025-yil 5-iyulda Turkiyaning Aydin viloyati, Koshk tumanida 35 yoshli o‘zbekistolik M. Alieva o‘zi ishlagan kazinoda boshidan o‘q yegan holda topilib, keyinchalik shifoxonada vafot etgan edi.
Mazkur holat yuzasidan Koshk tuman prokuraturasi kazino egasi hibsda saqlanayotgan Rashid Yasanga nisbatan “ayolga qarshi qasdli odam o‘ldirish” moddasi bo‘yicha og‘irlashtirilgan umrboq qamoq jazosi talab qilmoqda. Bu haqda T24 nashri xabar berdi.
Hodisa joyiga chaqiruv asosida politsiya va tez tibbiy yordam xodimlari yetib kelgan. Og‘ir ahvoldagi ayol tez yordam mashinasida Koshk davlat shifoxonasiga olib borilgan, biroq shifokorlar urinishlariga qaramay uning hayotini saqlab qolishning imkoni bo‘lmagan.
Tergov davomida kazino egasi Rashid Yasan qo‘lga olingan. Keyinchalik tergov kengaytirilgach, 4 nafar politsiya xodimi ham ushlangan.
Rashid Yasan qasddan odam o‘ldirish bilan ayblangan. Politsiya xodimlarining ikki nafari esa, kuzatuv kamerasi yozuvlarini o‘chirish, jinoyatda ishlatilgan qurolni yo‘q qilishda ayblanib hibsga olingan. Qolgan ikki xodim sud nazorati ostida ozod qilingan.
Tergov davomida yana bir shaxs dalillarni yo‘q qilishga aloqadorligi aniqlangan.
Hodisa bo‘yicha jami 40 nafar shaxsning ko‘rsatmalari olingan. Natijada Rashid Yasan, 2 politsiya xodimi va dalillarni yo‘q qilish gumonlangan shaxsga nisbatan ayblov xulosasi tuzilgan: Rashid Yasan uchun og‘irlashtirilgan umrboq qamoq, qolgan uch shaxs uchun esa 5 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi so‘ralmoqda.
Kazino egasi tergov davomida M. Alievaga qarshi qasdli qotillik mavjudligini inkor etib, hodisa M. Alieva tomonidan o‘z joniga qasd sifatida amalga oshirilganini bildirgan. Uning bayonotiga ko‘ra, voqea kazinodagi xonada sodir bo‘lgan va tortishuv paytida M. Alieva stol ustidagi qurolni olib, avval havoga so‘ng o‘ziga qarata o‘q uzgan. Hodisaga yagona guvoh ham shunga o‘xshash ko‘rsatma bergan.
Hodisa sodir bo‘lganidan so‘ng, Rashid Yasanning ahvoli yomonlashgan, uni shifoxonaga olib ketilgan. Prokuratura Yasan bayonotini javobgarlikdan qochish maqsadida berilgan deb baholamoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ikki o‘zbek ayoli o‘z vatandoshlari tomonidan o‘ldirilib, jasadi bo‘laklarga bo‘linib chiqindiga tashlab yuborilgani xabar qilingandi. Hozirda holat bo‘yicha tergov-surishtiruv ishlari davom etmoqda.


