Qayd etilishicha, ushbu saylov uchastkasi Istanbul shahrining Beshiktosh tumani, “Levent” mahallasi, Lale ko‘chasi 8-uyda joylashgan.
Shuningdek, fuqarolarning o‘z konstitutsion huquqlaridan foydalanishlariga qulay sharoit yaratish maqsadida bosh konsulxona tomonidan quyidagi manzillarda muddatidan oldin ovoz berish tashkil etilmoqda:
-
16-oktabr kuni Bursa shahridagi O‘zbekistonning faxriy konsulligi ofisi;
-
17-oktabr kuni Istanbul shahri Fotih tumanidagi "Blu Marmaray mehmonxonasi" (Blue Marmaray Hotel);
-
20-oktabr kuni Istanbul shahri Kadikoy tumanidagi “Turkpermit” firmasining ofisi.
Maʼlumot uchun, O‘zbekistonning diplomatik vakolatxonalari mavjud bo‘lgan 38 ta davlatda 54 ta (55 ta dipvakolatxona, O‘zbekistonning Nyu-Yorkdagi bosh konsulxonasi va BMTdagi vakolatxonasida birgalikdagi) statsionar saylov uchastkasi tashkil etiladi. Qolaversa, ushbu davlatlarning 128 ta shahrida va diplomatik vakolatxonalar mavjud bo‘lmagan 11 davlatda qo‘shimcha ravishda jami 316 ta ko‘chma saylov punkti tayyorlanishi reja qilingan.
Diplomatik vakolatxonalardan to‘plangan maʼlumotlarga ko‘ra, chet eldagi saylovchilarning birlamchi ro‘yxati shakllantirilgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘mon Sultonligining "Asdaa Oman" gazetasida "Saylovoldi tayyorgarlik ishlari yakunlangach, 24-oktabr kuni O‘zbekistonda Prezident saylovlari o‘tkaziladi" sarlavhali maqola chop etilgandi.
Avvalroq saylov byulletenining shakli va matni tasdiqlangani, Prezident saylovi jarayonlariga Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya xodimlari jalb etilgani, shunigdek, saylov byulletenlarini Brayl alifbosida tayyorlash taklif qilingani, MSK raisi o‘rinbosari Bahrom Qo‘chqorov prezident saylovlarida qatnashadigan nomzodlarga nisbatan qonunchilikda belgilangan talablarda o‘zgarish yo‘qligi xabar qilingandi. Bundan tashqari, O‘zbekistonda koronavirusdan davolanayotganlar prezident saylovida qanday ishtirok etishi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hududlarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazish uchun 14 ta saylov okrugi tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilingani haqida xabar berilgandi.


