Ijtimoiy tarmoqlarda Istiqlol-Hazorasp temir yo‘lida harakatlantirayotgan poyezd odam urib yuborganligi to‘g‘risida xabar tarqaldi.
Bosh prokuratura holat bo‘yicha rasmiy maʼlumot berdi.
Maʼlum bo‘lishicha, 2021 yil 8 dekabr kuni soat 09:25larda poyezdni O.Mashaipov va yordamchisi M.Nazarovlar boshqarib borayotgan bo‘lgan.
Mazkur poyezd vagoni "Urganch Lokomativ" deposiga qarashli bo‘lgan “TEP70-BS-152” sonli teplovoz Toshkent-Urganch-Xiva yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanib kelayotganida, Istiqlol-Hazorasp temir yo‘lining 7-piketida To‘piroqqalʼa tumanida yashovchi 43 yoshli S.Q.ni urib ketgan.
Birlamchi maʼlumotlarga ko‘ra, piyodaning ehtiyotsizligi sabab, bahtsiz hodisa ro‘y bergan. Oqibatda, ayol olgan og‘ir tan jarohatlari bilan voqea joyida vafot etgan.
Shu bilan birga voqea tafsilotlari o‘rganilganda, s.Q. temir yo‘l hodisasi sodir bo‘lgan joydan 25-30 metr uzoqlikda temir yo‘l izi yonidan topilgan.
Maʼlumot uchun: marhuma oilali, uning 3 nafar farzandi bo‘lgan.
Qayd etilishicha, holat bo‘yicha hozirda Urganch transport prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent – Buxoro yo‘nalishida harakatlangan “Afrosiyob” poyezdi nega yo‘lda to‘xtab qolgani hamda Temir yo‘lda uxlab qolgan shaxs poyezd va kesishmadagi avtomobillar harakati to‘xtashiga sabab bo‘lgani haqida xabar berilgandi.
Cho‘lponoy Ahmedova


