Yaqin haftalar ichida Oq uy AQSHning Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha barcha harakatlarini yagona missiyaga birlashtiradi. Bu haqda The Wall Street Journal nashri xabar berdi.
Shundan keyin u yagona operatsiyaga aylanadi va o‘z nomiga ega bo‘ladi. Bundan tashqari, amaliyotga general yagona rahbar etib tayinlanadi. U Ukraina harbiylarini tayyorlash va yordam ko‘rsatish masalalariga boshchilik qiladi.
Amaliyotga nom berish byurokratik rasmiyatchilik bo‘lsa-da, u bir qancha jiddiy yuridik oqibatlarni keltirib chiqaradi.
Birinchidan, bu Vashingtonning aniq harbiy-siyosiy mojaroda ishtirok etayotganini bildiradi.
Ikkinchidan, endilikda Kongress ittifoqchilarga uzoq muddatga maqsadli moliyaviy manbalar ajratadi.
Uchinchidan, faqatgina nomlangan amaliyotlar doirasida unda xizmat olib borayotgan harbiylar uchun rag‘batlantirish va mukofotlar taqdim etiladi.
To‘rtinchidan, harakatlarni muvofiqlashtirish uchun rahbarning tayinlanishi Pentagonning Ukrainaga doimiy yordam taqdim etish jamoasini tuzish istagini ko‘rsatadi. Bu askarlarni tayyorlash va yordam ko‘rsatishning bir martalik loyihalar o‘rniga uzoq muddatli strategiya tanlanganini anglatadi.
Shu bilan Pentagon buni hozircha rasman tasdiqlamagan. Mudofaa vazirligi vakili agar bu kabi qadamlar amalga oshirilsa, zarur maʼlumot jamoatchilikka darhol berilishini maʼlum qilgan.
Avvalroq Vashington ayrim qurollarni Kiyevga maxfiy tarzda yetkazib berayotgani to‘g‘risida xabar berilgandi.


