Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar ortidan quvishda maʼno yo‘q. Bu haqda Vengriya tashqi ishlar vaziri Peter Siyarto rossiyalik hamkasbi Sergey Lavrov bilan muzokaralari yakunida maʼlum qildi.
“Bizning pozitsiyamiz aniq. Yangi sanksiyalar paketini joriy etishda hech qanday maʼno ko‘rmayapmiz, bu ayniqsa, energetika sohasiga taalluqli. Bu biz uchun “qizil” chiziq”, – degan diplomat.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Vengriya o‘z fuqarolarining Ukrainadagi nizo uchun tovon to‘lashini istamaydi. Shu bilan birga vazir YEIning sanksiyalar bo‘yicha munozaralarida ishtirok etishini, ammo uni qo‘llab-quvvatlamasligini taʼkidlagan.
Vengriya so‘nggi vaqtlarda Rossiyaga qarshi yangi cheklovlar joriy etilishiga qarshi chiqib kelmoqda. Bu uning rus neft va gaziga qaramligi bilan izohlanadi.
Avvalroq Budapesht Rossiya gazi narxiga chegara qo‘yilishiga qarshi chiqqandi.


