1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Eng dolzarb

Voyaga yetmagan shaxs uch tengdoshini pichoqladi

Ijtimoiy tarmoqlarda joriy yilning 22 sentyabr kuni Andijon shahrining 2-maktabida sodir bo‘lgan  mudhish holat tasvirlangan videolavha tarqaldi. Video xabarda yuqori sinf o‘quvchilari o‘rtasidagi jiddiy kelishmovchilik  tasvirga olingan.

Voyaga yetmagan shaxs uch tengdoshini pichoqladi

 

 

Mazkur holat yuzasidan Andijon shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi tomonidan surishtiruv ishlari olib borildi. Aniqlanishicha, 22-sentabr kuni Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazidan ichki ishlar organlari navbatchilik qismiga 3 nafar fuqaro o‘tkir tig‘li predmetdan olingan jarohatlar bilan kasalxonaga olib kelingani haqida xabar kelib tushgan.

 

 Jarohatlanganlar maktab o‘quvchilari bo‘lgan. Surishtiruv ishlari davomida aniq bo‘lishicha, Andijon shahrida yashovchi M. ismli fuqaro shu kuni soat 13:20 atrofida 2-sonli umumiy o‘rta taʼlim maktabi oldida o‘ziga avvaldan tanish bo‘lgan 3 nafar tengdoshi bilan ko‘rishib, o‘zaro “gaplashib olish” maqsadida Mangulik ko‘chasida joylashgan “Akzam” nomli kafe ortiga o‘tgan va kelishmovchilik sababli u yerda bir-biri bilan janjallashgan. Oqibatda M. ismli shaxs yonidagi  pichoq bilan 3 nafar tengdoshiga jarohat yetkazgan.

 

 Janjal ishtirokchisining aytishicha, u do‘sti bilan o‘zaro hazillashayotganda uning ikki sherigi gapga aralashib, nega bizning ustimizdan kulyapsan, deb o‘rtada nizo chiqarmoqchi bo‘lgan.

 

 Avval hazil-huzul, keyin mushtlashuv bilan boshlangan janjal pichoqbozlikka aylanib ketgan. Pichoq urgan shaxs voqea bu darajaga yetishini o‘ylamagani,  qilgan ishidan afsusda ekanini bildirgan.

 

Voyaga yetmagan shaxsning otasi ham  o‘z aybini tan oldi:

 

 — Inkor qilmayman, bunda mening aybim katta. Bunday holatlar boshqa takrorlanmasligi uchun barcha ota-onalarga  farzandlaringizni eʼtibordan chetda qoldirmang, men kabi boshingizni egib qolmang, demoqchiman.

 

 Holat bo‘yicha Andijon viloyati IIB tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 277-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan  jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

Bundan avval voyaga yetmaganlar tomonidan 45 yoshli erkak vaxshiylarcha o‘ldirilgani haqida xabar bergan edik

 

 

Maftuna Rejabboyeva

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика