XAMAS harakati AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan taqdim etilgan G‘azo sektori bo‘yicha tinchlik rejasiga e’tiroz bildirib, hujjatning ayrim bandlarini qayta ko‘rib chiqishni talab qilmoqda. Bu haqda AFP manbalariga tayanib xabar qilmoqda.
Tashkilot vakillarining ma’lum qilishicha, ularning asosiy talablari quyidagilardan iborat: XAMAS a’zolarini va fraksiyalarini majburiy qurolsizlantirish jarayonini to‘xtatish, Isroil qo‘shinlarining hududdan to‘liq olib chiqilishiga xalqaro kafolat berish hamda falastinliklarning G‘azo ichida va tashqarisida xavfsizligini ta’minlash.
Manbalarga ko‘ra, XAMAS ichida ikki xil pozitsiya mavjud: ayrim rahbarlar otashkesim kafolatini asosiy shart sifatida ko‘rib, rejani qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirgan. Boshqa qanot esa G‘azoni “bosib olish qonuniylashtirilmasligi” va “qarshilik jinoyat sifatida talqin qilinmasligi”ni talab qilmoqda.
Muzokaralar davom etayotgan bo‘lib, harakatning yakuniy pozitsiyasi yaqin kunlarda e’lon qilinishi kutilmoqda. 30-sentabr kuni XAMAS vakillari Dohada Turkiya, Misr va Qatar rasmiylari bilan uchrashuv o‘tkazgan. Manbalarga ko‘ra, guruh qarorni ikki-uch kun ichida shakllantiradi.
Eslatib o‘tamiz, 29-sentabr kuni Oq uyda AQSh prezidenti Donald Tramp va Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tgan edi. Uchrashuv yakunida G‘azo bo‘yicha 21 banddan iborat tinchlik rejasi e’lon qilingan.


