Avvalroq Xorazm viloyatining Urganch shahrida 2 nafar voyaga yetmagan qiz ko‘p qavatli uy tomidan sakrab, o‘z joniga qasd qilganligi xabar qilingandi. Shundan so‘ng ijtimoiy tarmoqda fojiaga qizlar jinsiy zo‘ravonlikka uchragani sabab bo‘lgani haqida xabarlar tarqalgandi. Bolalar ombudsmani bu bo‘yicha rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, mazkur og‘ir fojeali holat yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda va internet OAVlarida turli tasdiqlanmagan, haqqoniy bo‘lmagan maʼlumotlar tarqalayotganligi kuzatilmoqda.
Hozirda holat yuzasidan prokuratura organlari tergovga qadar tekshiruv harakatlarini olib bormoqda. O‘tkazilgan sud-tibbiyot ekspertizasiga ko‘ra, qizlarga nisbatan hech bir jinsiy zo‘ravonlik sodir etilganligi alomatlari aniqlanmagan.
“Marhuma voyaga yetmagan qizlarning manfaatiga zid ravishda rasmiy manbaga tayanmagan xabarlar ularning shaʼni va qadr-qimmatiga zarar yetkazayotganligini qatʼiy taʼkidlagan holda, tergovga qadar tekshiruv yakuniga qadar holat yuzasidan asossiz xabarlar tarqatmaslikka chaqiramiz”, deyiladi xabarda.


