Bolgariya, Polsha va Slovakiya Ukrainaga 70 ta harbiy samolyot yetkazib beradi. Bu haqda Ukraina harbiy-dengiz kuchlari matbuot xizmati xabar berdi.
"Ukraina armiyasi uchun 70 samolyot! Bizning hamkorlarimiz MiG-29 va Su-25 yetkazib beradi. Zarurat tug‘ilgan taqdirda ular Polsha aerodromlarida joylashtirilishi mumkin", — deyiladi xabarda.
Qo‘shimcha qilinishicha, Bolgariya 16 ta MiG-29 va 14 ta Su-25, Polsha 28 ta MiG-29 hamda Slovakiya 12 dona MiG-29 beradi.
Maʼlumot o‘rnida: 24 fevral kuni Rossiya Ukraina sharqida maxsus operatsiya boshlashini eʼlon qildi. Hozirda mamlakatning turli nuqtalarida janglar ketmoqda.
G‘arb bunga javoban Moskvaga sanksiyalar joriy etdi. Qora ro‘yxatda Putin, RF tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va boshqa ko‘plab oliy martabali amaldorlar ham bor.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 28 fevral kuni Moskva va kiyev o‘rtasida Belarusda muzokaralar bo‘lib o‘tgani to‘g‘risida xabar qilingandi.


