Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) Yadro xavfsizligi departamenti direktori o‘rinbosari, Ekologik reabilitatsiya jamg‘armasi rahbari Ester Xarlander boshchiligidagi delegatsiya Toshkent viloyatining Yangiobod shahriga tashrif buyurdi. Delegatsiyaga O‘zbekiston ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov hamda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyot agentligi direktori Sharifbek Hasanov hamrohlik qildi.
Tashrif davomida mehmonlar YeTTB ko‘magida amalga oshirilgan sobiq uran konlarini rekultivatsiya qilish loyihasi doirasida bajarilgan ishlar bilan tanishdilar. Yangioboddagi rekultivatsiya ishlari 2023-yilda boshlangan bo‘lib, joriy yilning avgust oyida to‘liq yakunlandi.
Loyiha doirasida kirish yo‘llari qurildi, eski inshootlar buzildi, ifloslangan chiqindilarni zararsizlantirish uchun maxsus poligon barpo etildi, shaxta suvlarini drenaj tizimlari bilan ta’minlash ishlari amalga oshirildi. Sohil chiziqlari mustahkamlanib, suv chiqarish tizimlari yangilandi. Barcha jarayonlarda mehnat, texnika va radiatsiya xavfsizligi talablari qat’iy nazorat ostida bo‘ldi.
Vazir Aziz Abduhakimov rekultivatsiya ishlari yakunlangach, hududni obodonlashtirish, butalar ekish, piyodalar yo‘laklarini barpo etish hamda ekologik holatni kuzatish uchun onlayn videokuzatuv tizimlarini o‘rnatish zarurligini ta’kidladi. Unga ko‘ra, bu chora-tadbirlar Yangiobodning ekologik xavfsizligini mustahkamlab, uni sayyohlar va aholiga qulay maskanga aylantiradi.
Sharifbek Hasanov esa loyihaning natijalari doimiy monitoring ostida bo‘lishini, radiatsiya darajasi past hududlar tabiatga qaytarilishini hamda aholi o‘rtasida ekologik madaniyatni oshirish bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borilayotganini qayd etdi.
Ma’lumot uchun, loyiha YeTTB va O‘zbekiston o‘rtasidagi 9 million yevrolik grant asosida moliyalashtirilib, Yangiobod (Toshkent viloyati) va Chorkesar-2 (Namangan viloyati) konlarini rekultivatsiya qilishni o‘z ichiga olgan. 2024-yil avgust oyida Chorkesar-2dagi ishlar ham muvaffaqiyatli yakunlangan.
Mazkur ishlar radiatsiya ta’sirini kamaytirish, ekologik xavfsizlikni ta’minlash va aholining sog‘lig‘ini himoya qilishga qaratilgan.


