Yevrokomissiya Isroil bilan savdo kelishuvlarini vaqtincha to‘xtatish va ayrim yuqori martabali mansabdor shaxslarga nisbatan sanksiyalar joriy etishni taklif qildi.
Reuters’ning ma’lum qilishicha, Yevrokomissiya G‘azo sektoridagi urush oqibatida Isroil eksportining qariyb 5,8 milliard yevrolik hajmiga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan savdo bitimini to‘xtatish tashabbusini ilgari surdi. Shu bilan birga, ushbu choraga hozircha barcha Yevropa Ittifoqi mamlakatlari tomonidan yetarlicha qo‘llab-quvvatlash yo‘q.
Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Leyen “G‘azoda kechayotgan fojiali voqealarga zudlik bilan chek qo‘yilishi kerak. O‘t ochishni to‘xtatish, insonparvarlik yordamini to‘sqinliksiz yetkazish va garovga olingan barcha fuqarolarni ozod qilish zarur”, deya ta’kidladi.
Shuningdek, Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo‘yicha rahbari Kaja Kallas Isroilning milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir hamda moliya vaziri Bezalel Smotrichga, shuningdek, Falastin hududida noqonuniy o‘rnashayotgan “zo‘ravon ko‘chib boruvchilar” va HAMASning bir qator yuqori martabali a’zolariga qarshi sanksiyalar paketini ilgari surdi.
Taklif kuchga kirishi uchun Yevropa Ittifoqining kamida 27 a’zo davlatidan 15 tasi tomonidan ma’qullanishi talab etiladi. Bu esa Ittifoq aholisi sonining 65 foizidan ko‘prog‘ini qamrab oladi.


