Yevroittifoq Ukraina infratuzilmasining qish mavsumiga tayyorlanishi uchun 20 million yevro ajratdi. Bu haqda YEIning Ukrainadagi vakolatxonasi maʼlum qildi.
Ushbu mablag‘lar xarobalarni tozalash hamda infratuzilma obyektlarini taʼmirlash uchun sarflanadi. U BMTning Taraqqiyot dasturiga o‘tkazib beriladi.
"O‘ta muhim infratuzilmaning tezkor taʼmirlanishi, ayniqsa, yaqinlashib kelayotgan qish mavsumi oldidan eng ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Bizning loyihadan ko‘zlangan maqsad Ukrainani elektr, suv va issiqlik bilan taʼminlaydigan obyektlar faoliyatini qayta tiklash", — degan Taraqqiyot dasturining Ukrainadagi vakili Manal Fouani.
Bundan tashqari, Turkiya ham infratuzilma obyektlarini qayta tiklashga yordam berishni vaʼda qilgan.
Avvalroq Yevropa davlatlarining Kiyevga harbiy yordam berishni kamaytirgani to‘g‘risida xabar berilgandi.


