6 noyabr kuni Navoiyda avtohalokat oqibatida 8 kishi halok bo‘lgani, ularning 3 nafari Xalq bankining Nurota filiali xodimlari ekani aytilayotgani haqida xabar berilgandi.
Amaliyotchi yurist Saidali Muxtoraliyevning yozishicha:
"Marhumlar yuqori turuvchi rahbarlar bergan topshiriqlarni bajarish uchun dam olish kunida ishga chiqishga majbur bo‘lgan degan maʼlumot kelmoqda".
Insayderlarga ko‘ra, shanba kuni ertalabdan viloyat filialidagi norasmiy yig‘ilishga chaqirilgan. Lekin, o‘rtada biror-bir rasmiy xat yoki dam olish kuni ishga chiqish va mehnat majburiyatlari bilan shug‘ullanish haqida buyruq yoki qaror bo‘lmagan".
"Xalq banki" matbuot xizmatining holat yuzasidan bildirgan munosabatida marhumlarning oila aʼzolari va yaqinlariga hamdardlik bildirilgan, ammo qo‘shimcha tafsilotlar, yaʼni nega aynan dam olish kuni xodimlari bilan bunday holat yuzaga kelgani haqida hozircha izoh keltirmagan.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining maʼlum qilishicha, ushbu holat yuzasidan Navoiy viloyati Bandlik bosh boshqarmasi Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan o‘rganish ishlari boshlandi. O‘rganish natijalari bo‘yicha qo‘shimcha maʼlumot taqdim etiladi.
Eslatib o‘tamiz, 8 kishining halok bo‘lishiga olib kelgan ushbu YTH qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanib kelayotgan ikkita Nexia to‘qnashuvi oqibatida yuz bergan. Mashinalarning biri yo‘l chetiga ag‘darilgan, ikkinchisi esa yonib ketgan.
Avtohalokat oqibatida "Xalq banki" Nurota tuman filialining boshqaruvchisi T.P. (29 yosh), bosh hisobchisi M.S. (40 yosh) hamda monitoring bo‘limi boshlig‘i Y.R. (32 yosh) voqea joyida vafot etgan. Yonib ketgan mashinada 5 kishi bo‘lgan va ular ham voqea joyida halok bo‘lgan.
Bahriniso Madumarova


