Kobulda AQSHga evakuatsiya qilinishini kutayotgan minglab afg‘onlar davlat departamenti ruxsatnomasini ololmay, Afg‘onistonda qolishga majbur bo‘ldi. Bu haqda "The Wall Street Journal" Argo volontyorlar guruhiga tayanib maʼlum qildi.
Argo Afg‘onistondan charter reyslari orqali evakuatsiyani amalga oshiradi. Ushbu guruh vakilining The Wall Street Journal‘ga maʼlum qilishicha, Albaniya, Kosovo, Ruanda va Uganda AQSH hukumati rozilik bildirgan taqdirda o‘z hududida afg‘onlarni vaqtinchalik joylashtirishga rozilik bildirgan. Ammo volontyorlar bir necha hafta davomida davlat departamenti ruxsatnomasini kutishgan. Natijada ularning mablag‘i tugab qolgan.
Qo‘shimcha qilinishicha, evakuatsiya qilinishi kerak bo‘lgan afg‘onlar orasida AQSH fuqarolari, doimiy istiqomat qiladiganlar va AQSH sobiq davlat xizmatchilari ham bor.
Argo volontyorlari ulardan qo‘shimcha haq to‘lashni yoki vaqtinchalik boshpanani tark etishni so‘ragan. Oqibatda ular boshpanani tark etishga majbur bo‘lgan.
Avvalroq Pokiston "Tolibon" ga taʼsir o‘tkaza olmasligini maʼlum qilgandi. Shuningdek, Baydenning maslahatchisi AQSH nima uchun Afg‘onistonni tark etganini aytgandi.
Jahongir Qo‘ziyev


